Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida 22-iyun kuni yuz bergan avtobus ag‘darilishi oqibatida halok bo‘lgan va jarohatlangan o‘zbekistonliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ularning qarindoshlariga yetkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida, “Samara—Chimkent” yo‘lining 946-kilometrida 22-iyun kuni ikki qavatli Mercedes avtobusining ag‘darilib ketishi oqibatida 52 kishi, xususan, 50 nafar O‘zbekiston fuqarosi jabrlangani haqida avvalroq xabar berilgan edi.

Hodisa oqibatida to‘qqiz nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgan, 17 nafari turli darajada tan jarohati olgan, besh nafari kasalxonaga yotqizilgan.

“Halok bo‘lgan va jarohatlangan O‘zbekiston fuqarolari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ularning oila a’zolari va yaqinlarini xabardor qilish uchun O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining bo‘limlari va viloyat hokimliklariga yuborildi”, — deyiladi O‘zbekiston TIV axborotida.