O‘zbekistonda tashkil etilayotgan Islom madaniyati markazining asosiy binolarini qurish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga taniqli rossiyalik biznesmen, asli o‘zbekistonlik Alisher Usmonov homiylik qiladi.
Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 23-iyun kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda ko‘zda tutilgan.
“Markazning ma’muriy va asosiy binolarini qurish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasidagi ishlar mashhur vatandoshimiz, rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonovning homiylik xayriya mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi inobatga olinsin”, — deyiladi hujjatda.
O‘zbekistonda Islom madaniyati markazi yaratilishi haqida Shavkat Mirziyoyev “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash — davr talabi” mavzusidagi anjumanda so‘zlagan nutqida aytib o‘tgan edi.