O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi Qozog‘istonda avtobus ag‘darilishi oqibatida halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini vatanga olib kelish bo‘yicha choralar ko‘rmoqda. Bu haqda “1news.uz” xabar bermoqda.

Bundan tashqari, vazirlik Qozog‘iston hududida yuz bergan hodisa oqibatida jabrlanganlar ahvoli yuzasidan axborot olish uchun maxsus telefon raqamlari (371-234-87-20, 371-234-15-26)ni ham tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, 22-iyun kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida, “Samara—Chimkent” yo‘lining 946-kilometrida ikki qavatli Mercedes avtobusining ag‘darilib ketishi oqibatida 52 kishi, xususan, 50 nafar O‘zbekiston fuqarosi jabrlangan.

Hodisa natijasida to‘qqiz nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgan (O‘zbekiston TIV qurbonlarning ismlarini e’lon qildi), 17 nafari tan jarohati olgan. Jarohat olgan o‘zbekistonliklardan besh nafari mahalliy kasalxonaga yotqizilgan.

Avtobus nima sababdan ag‘darilib ketgani haqida hozircha aniq ma’lumotlar yo‘q. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan ma’lum qilishlaricha, avtohalokat jabrlanuvchilari haqidagi axborot ularning qarindoshlariga yetkaziladi.