Belgiya sudi Abu Dabining al-Nahayyon amirlik oilasi vakillari bo‘lmish sakkiz ayolni xizmatkorlarga nisbatan haqoratomuz munosabatda bo‘lib, inson qadr-qimmatini kamsitishda aybladi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.
Voqea 2007–2008-yillari Bryusseldagi Conrad Hotel mehmonxonasida ro‘y bergan. Shayxa Hamda al-Nahayyon va uning yetti qizi mehmonxonaning bir qavatini ijaraga olib, u yerda bir necha oy yashagan. U yerda aslzoda xonimlarga kun bo‘yi turli mamlakatlardan tashrif buyurgan 23 ayol xizmat ko‘rsatgan. Bu ayollarning malikalar o‘zlari bilan birga olib kelgan.
Ayblov versiyasiga ko‘ra, xizmatkorlarga amirlik oilasi ayollari qulday munosabatda bo‘lgan — ularning pasportlarini tortib olgan, ko‘chaga chiqishni taqiqlagan. Xizmatkorlar polda uxlagan va oqsuyaklar dasturxonidan ortgan qoldiqlar bilan oziqlangan. Xizmat uchun esa ularga pul to‘lanmagan.
2008-yil iyulida xizmatkorlardan biri mehmonxonadan qochib ketib, politsiyaga murojaat qilgan, shundan so‘ng bu voqea jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan.
Sud har bir ayblanuvchini 15 oylik shartli ozodlikdan mahrum qilishga va 165 ming yevro miqdoridagi jarimaga hukm qildi. Sud jarayonida ayblanuvchilarning hech biri ishtirok etmadi.