U yer xatarli, sanitariyaga zid va faqat choy ichiladi: rossiyalik sayohatchilar O‘rta Osiyo haqida 10 ta mif to‘pladi
Dunyoning 53 ta mamlakatiga sayohat qilgan rossiyalik sayohatchilar Pasha va Lena O‘rta Osiyo haqida o‘nta mif to‘pladi, deb yozadi “K-News”.
Ular sayohatga yo‘l olishdan avval ofis ishchilari edi: Lena Mail.Ru Group’da PR-menejer, Pasha — sug‘urta kompaniyasi internet-marketologi. Ular 2016-yilning mayida pul to‘plab, butun vaqtini sayohatlarga sarflash uchun shinam ofislarini tark etdi.
Quyida ularning O‘rta Osiyo haqida to‘plagan o‘nta mifini e’tiboringizga havola etamiz.
O‘rta Osiyo mamlakatlarida biz begona emasmiz va bu davlatlar aslida OAVlari va yo‘lko‘rsatkich mualliflar tasvirlagandek emasligini aytishimiz mumkin. Biz O‘rta Osiyo haqida qachonlardir o‘zimiz ham ishongan eng ommabop yanglish fikrlarni to‘pladik.
O‘rta Osiyo xatarli
Bu ommabop mif ishchi migrantlar tufayli yuzaga kelgan. Aslida O‘rta Osiyoga sayohat qilish (hatto qizlar uchun ham) mutlaqo xavfsiz: odamlar ochiq, samimiy, ruscha so‘zlasha oladi va yordam berishga tayyor. Sizni aldash va tunab ketishga hech kim urinmaydi.
O‘rta Osiyo aholisi gastarbayterlarimizga o‘xshaydi
Moskva metrosida O‘rta Osiyodan kelgan, pala-partish kiyingan kishilarga ko‘zingiz tushgan bo‘lishi mumkin. Ular ko‘pincha atrofdagilarga tajovuz bilan qaraydi va katta shahar hayoti qanday tuzilganligini tushunmaydi. O‘rta Osiyoning aksariyat aholisi umuman boshqacha: sokin, jilmayib turadigan, ko‘pchiligi oliy ma’lumotli bo‘lib, ofislarda ishlaydi va kiyinishi ham shunga mos. Ularning bizga tushuntirishicha, Rossiyaga kelgan ishchilar asosan uzoq qishloqlar aholisi bo‘lib, ular shaharda o‘zini tutish madaniyatiga ega emas. Bu holatni Dushanbeda qayd etdik.
O‘rta Osiyo issiq va tarvuz-qovunlarni har qadamda uchratish mumkin
O‘rta Osiyoga may oyi boshida kelib, issiq kurtkalar va sharflar kiyishga majbur bo‘ldik. Aprel oyi oxirida Ostona ob-havosi ko‘proq Sibir havosiga yaqin edi. Mahalliy aholining ma’lum qilishicha, O‘rta Osiyoda qish sovuq va tez-tez qor yog‘adi. O‘rta Osiyoda faqat may oyidan sentabrga qadar issiq.
Qovun-tarvuzlarni faqat mavsumda: yozning ikkinchi yarmi va kuzning birinchi ikki oyida har qadamda uchratish mumkin. May oyi boshida hech qanday poliz ekinlarini uchratmaysiz, qulupnaydan tashqari.
O‘rta Osiyoda hamma osh yeydi
Palov haqiqatda juda ommabop, biroq u bu yerdagi yagona taom emas. Manti, shashlik, beshbarmoq va kulchalar dasturxonga tez-tez tortiladigan taomlar, rus oshxonasini ham tez-tez uchratishingiz mumkin. Grechka yoki borshch tanovul qilish muammo emas. Aytgancha, Rossiyadagi cho‘chqa va tovuq go‘shtidan farqli ravishda O‘rta Osiyoda qo‘y go‘shti eng ommabop go‘sht.
Bishkek bozori supermarketda xarid qilish mumkin bo‘lgan mahsulotlarni sotib olish mumkin bo‘lgan Moskva viloyatidagi bozorga o‘xshamaydi. Bishkek bozori — shovqin-suronli sharqona bozor. Biz hech narsa xarid qilmasak ham, bozor aylanishni yaxshi ko‘ramiz. Sotuvchilar ko‘pincha bitta mahsulot bilan savdo qiladi: suratdagi sotuvchi ham faqat banan biznesi bilan shug‘ullanadi. Kulchalar hech qachon paketlarga o‘ralmaydi, shuning uchun ham o‘ziga xos xushbo‘y isini yo‘qotmaydi.
Ruslar O‘rta Osiyodan ketib qolgan
Qisman to‘g‘ri: SSSR tarqalgandan so‘ng, ruslarning aksariyati Rossiyaga ko‘chib ketgan. Ko‘pchiligi esa Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda qolgan va yashash tarzi yomon emas. Bundan Tojikistonni istisno qilish mumkin, u yerda ruslar kam, biroq sovet davrida ham bu yerda ruslar ko‘p bo‘lmagan.
O‘rta Osiyoning istalgan mamlakatining 95 foiz aholisi rus tilini tushunadi va so‘zlasha oladi. Tog‘li qishloqlar, O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysini bundan istisno qilish mumkin.
O‘rta Osiyo — musulmon hudud
O‘rta Osiyoning barcha mamlakatlarida islom dini eng ommabop din bo‘lishiga qaramasdan, bu mamlakatlar dunyoviy davlatlardir. Davlat aholi o‘rtasida dinni yoymaydi, alkogol erkin sotiladi va mahalliy aholi tomonidan iste’mol qilinadi. Qizlar istalgan uzunlikdagi yubka kiyadi, erkaklar soqol qo‘ymaydi. Juma esa odatiy ish kuni. Masjidlar ko‘p, biroq dindorlar aholining bir necha foizini tashkil etadi, xolos.
O‘rta Osiyo — rivojlanmagan hudud
Bu fikrni O‘rta Osiyo mamlakatlarida hech qachon bo‘lmagan kishilar bildirishi mumkin. Poytaxtlar, ko‘pincha har bir davlatning ikkinchi shaharlari ham mehmonxonalar, restoranlar, ko‘ngilochar industriya, internet va boshqalarga ega bo‘lgan yirik shaharlardir.
Yevropa bilan taqqoslash qiyin (shartmikan?), biroq suv va elektr ta’minotining soatbay berilishi, internetning yo‘qligi va pulli meditsina bilan bog‘liq qo‘rqinchli gaplar o‘z tasdig‘ini topmadi. Meditsinaga kelsak, Toshkentda qon tahlili natijalari bir necha soatda chiqqanidan hayratlandik!
8. Samarqand — O‘rta Osiyodagi eng qiziqarli shahar
O‘zbekiston turizm jihatidan O‘rta Osiyoning eng rivojlangan davlati, Samarqand esa O‘zbekistonning turistik Makkasi. Qadimiy shaharni ko‘rish istagida butun dunyodan kelayotgan sayohatchilar oqimi cheksiz.
O‘zbekistonda bizga qadimiy Xiva va Buxoro, Qozog‘istonda Olmaota va Ostona, shuningdek Qirg‘izistonning O‘sh shahri va Tojikistonning Xo‘jandi ko‘proq yoqdi.
O‘rta Osiyo sanitariya talablariga javob bermaydi
Biz O‘rta Osiyoga Janubi-Sharqiy Osiyodan keldik va ular o‘rtasidagi farq hayratlanarli darajada ekanligini ta’kidlashimiz mumkin. O‘rta Osiyo mamlakatlarida Janubiy Osiyodagi taom sotuvchi ko‘chma telejkalardan farqli ravishda kafelar ko‘p. Ularda sizga toza dasturxonga, yuvilgan idishda ovqat tortiladi, oshxonaga noxosdan kirish esa ishtahangizni bo‘g‘masdan, aksincha ochib yuboradi. Tailand, Kombodja va Janubiy-Sharqiy Osiyoning boshqa mamlakatlarida oshxonaga ko‘z tashlashni tavsiya etmaymiz.
O‘rta Osiyoda faqat choy ichiladi
Choy O‘rta Osiyodagi ommabop bo‘lsa-da, yagona ichimlik emas. Yirik shaharlarda kofeen juda ko‘p, kafelarda sok va alkogollar katta assortimentda taklif etiladi, ko‘chalarda esa kompot, kvas va maksim (qirg‘izcha bug‘doy ichimligi) sotiladi.
Turli xil fikrlarga ishonib qolmang va qalbingiz qayerga chorlasa, o‘sha joyga yo‘l oling. Shunda aniq bir shahar yoki davlat haqida o‘z fikrlaringiz va qarashlaringizni hosil qilishingiz mumkin.