O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yangi loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 22-iyun kuni Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi.

Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida O‘zbekistonning har bir hududi kabi Farg‘ona viloyatini ham har tomonlama rivojlantirish, iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish, aholi hayot darajasini yuksaltirish borasida aniq reja va maqsadlar bayon etilgan edi.

O‘zA agentligining ma’lum qilishicha, Prezident Farg‘onaga tashrifi davomida mazkur rejalar ijrosi, istiqboldagi loyihalar bilan tanishadi, xalq bilan muloqot qilib, shahar va tumanlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechiradi.