Fidel Askarxo‘jayev nafaqat mashhur fotograf, balki juda serqirra inson. Uning lagansozlikdan mohir fotograflikkacha bo‘lgan murakkab ijodiy yo‘li haqida “Boomer.uz” intervyusi orqali tanishishingiz mumkin.
— Bolalik, yoshlik davringiz haqida so‘zlab bersangiz. Fotograflik kasbini qachon tanladingiz?
— Yoshligim oddiy odamlarniki kabi o‘tgan: maktab, bilim yurti. Otam — kinodokumentalist, operator, hujjatli filmlar rejissori. Bir kuni uning kutubxonasidan suratlar haqidagi kitobni topib oldim. Unga juda berilib ketdim va fotograf bo‘lishni istayotganimni anglab yetdim. Biroq o‘sha davrda fotograflik san’atini o‘rganish qiyin edi va men vaqtincha bu mashg‘ulot haqida unutdim. Mashhur rejissor va klipmeyker Bahodir Yo‘ldoshev jamoasida ishlayotganimda orzuim fotograflik bilan shug‘ullanishga undadi. Institutning “kino-, teleoperator” bo‘limiga o‘qishga kirishga tayyorlana boshladim. Ikkinchi kursligimda suratlarim uchun birinchi gonorarni oldim va hayot lazzatini his qildim :). Shu tariqa, professional fotograf bo‘lishga qaror qildim.
— Hozir Fidel — bu brend. Mashhur fotograf bo‘lgunga qadar qaysi ishlarda ishlashingizga to‘g‘ri kelgan?
— 14 yoshimdan boshlab ishlayman. Yozgi ta’tillarda yuk tashuvchi, keyinroq do‘konda, bozorda, kasseta sotuvchi, ofitsiant, tashqi reklama tayyorlovchi, barmen, xostes bo‘lib ishlaganman. Bir necha kun zavodda ishlab, lagan yasaganman :). Hammasini yodda saqlash ham qiyin!
— Qayerda o‘qigansiz va fotograflik yo‘li qayerdan boshlangan?
— Institutning uchinchi kursida BellaTerra jurnali jamoasiga tushib qoldim. Ernest Kurtveliyev, Elzara Muzaffarova, Nastya Shadiyeva, Pavel Kim kabi professionallar bilan ishlashni doim orzu qilganman. Bu odamlar bilan ishlash men uchun ajoyib maktab bo‘lgan.
— Sizga omad keltirgan birinchi fotoloyiha yodingizdami?
— Ko‘proq suratga olish, fotografiyaning turli yo‘nalishlarida tajriba orttirish maqsadida har qanday topshiriqni bajarishga kirishganman. Navbatdagi har bir syomkadan so‘ng texnika va his etish qobiliyatim oshib bordi va meni turli tadbirlarga taklif qila boshlashdi. O‘ziga xoslik va tashqi ko‘rinishim ham mashhur bo‘lishimda katta rol o‘ynagan deb o‘ylayman :).
— Reportajlar, to‘ylar yoki reklama fotosessiyalari: qay birini syomka qilishga ixtisoslashgansiz?
— Sevimli yo‘nalishlarimdan biri — ayollar portreti. Biroq men syomkaning turli yo‘nalishlari: reportaj, to‘y, portret, buyumlar surati, interyer, peyzajlar va reklama fotosessiyalariga ixtisoslashganman.
— Punctum studiyasi tarixi haqida hikoya qilsangiz.
— Dastlab zarur texnikalar: kameralar, vspishka, obyektivlar, yorug‘lik qurilmalarini to‘pladim. Kerakli lahzada Ira Kim bilan hamkorlikda ishlashga kelishdik va ushbu fotosessiyani tashkil etdik.
— Fidel Askarxo‘jayevning fotomaktabi haqida o‘ylab ko‘rmaganmisiz?
— Materiallar ko‘p, bilim ham. Biroq bilim berish uchun pedagogik iste’dod kerak. Unga ega bo‘lishim bilan, fotomaktab ochaman.
— Fotosessiyangiz qimmatmi? Talaba qiz buning uchun uzoq vaqt pul to‘plashi kerakmi?
— Professional fotosessiya arzon turmasligi sir emas. Biroq chegirma bo‘ladi. Ayniqsa, kishini o‘ziga tortadigan tashqi ko‘rinishga ega bo‘lgan talaba qizlar uchun. Bunday holatlarda ish ikki tomonlama ijod tamoyiliga asoslanadi.
— Bugungi kunda Toshkentda fotograflar: professionallar va ijtimoiy tarmoqlarda nomlariga Photographer so‘zini qo‘shib, o‘zini fotograf sifatida ko‘rsatuvchilar juda ko‘p. Raqobatni his qilasizmi?
— Ha, a-lya fotograflar bozor narxlarini tushiradi. Biroq har bir fotografning o‘z mijozi va o‘z auditoriyasi bor deb hisoblayman. Men raqobatni emas, “yana bir Photographer paydo bo‘ldi” degan istehzoni his qilaman.
— O‘zbekistonda fotoindustriyaning rivojlanishi haqida nimalar deya olasiz?
— Turli ko‘rgazmalar juda xursand qiladi, fotograflarning mahorat darajasi oshmoqda, bu esa mamlakat fotoindustriyasida ajoyib tarzda aks etmoqda.
— Kelajakdagi rejalaringiz qanaqa? Muxlislaringizni nimalar bilan xursand qilasiz?
— Rejalar ko‘p. Birinchi navbatda — studiyani rivojlantirish va tomoshabinlar qalbiga yetib boruvchi fotoloyihalar yaratish.
Matn muallifi: Malika Reymbayeva
Izoh (0)