UzCard kompaniyasining rasmiy saytida xalqaro to‘lov tizimlari bilan integratsiyaga kirishadigan yangi universal to‘lov tizimi — GlobUzCard bilan bog‘liq bayonot e’lon qilindi. Unda GlobUzCard tizimi UzCard resurslaridan foydalangan holda o‘z ishini boshlashga urinayotgani ta’kidlandi.
Quyida bayonot matnini keltiramiz.
2014-yil fevraldan buyon muntazam ravishda matbuotda O‘zbekistonda xalqaro to‘lov tizimlari bilan integratsiyaga kirishadigan va mavjud UzCard to‘lov tizimi bilan raqobatga kirishadigan yangi, universal to‘lov tizimi — GlobUzCard yaratilishi haqida ma’lumotlar ko‘zga tashlanib keladi.
“GlobUz.uz” saytidagi ma’lumotga ko‘ra, tizim “Bank plastik kartalari asosida naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini yanada rivojlantirish va uyg‘unlashtirish, xalqaro plastik kartalar standartlari, qoidalari va tartibotlari asosida ilg‘or yutuqlarni joriy qilish, yagona va unifikatsiyalangan infratuzilmani shakllantirish, bank plastik kartalarining fiunksional imkoniyatlarini kengaytirish, ilg‘or texnologik yechimlarni joriy qilish va chakana to‘lovlar jarayonini arzonlashtirish maqsadida” yaratilmoqda.
Biroq “xalqaro plastik kartalar standartlari, qoidalari va tartibotlari asosida ilg‘or yutuqlarni joriy qilish” o‘rniga yangi turdagi kartalarni qabul qilish uchun UzCard tarmog‘idan foydalanish masalasi bot-bot ko‘tarilmoqda. Shu tariqa, GlobUzCard tizimi potensial raqobatchisi — UzCard tizimi resurslaridan foydalangan holda o‘z ishini boshlamoqchi bo‘lyapti.
Jumladan, GlobUzCard tomonidan 2017-yil 14-iyunda yuborilgan xatda UzCard tizimining konfidensial mazmunga ega bo‘lgan texnik ma’lumotlarini ularga taqdim qilinishi masalasi haqida so‘z yuritilgan. Ma’lum qilinishicha, bu ikki tizimning o‘zaro birgalikda faoliyat olib borishini ta’minlash uchun “yuklatilgan vazifaning ehtimoliy yechimlari variantlarini yanada mukammal ishlab chiqish va baho berish”ga mo‘ljallangan.
UzCard tizimidan GlobUzCard tizimiga texnik ma’lumotlarni taqdim qilinishi mumkin emasligini anglash qiyin emas, chunki:
so‘ralayotgan texnik ma’lumotlar konfidensial mazmunga ega bo‘lib, ularni uchinchi tomonga taqdim qilinishi axborot xavfsizligi standartlariga zid hisoblanadi va butunlay UzCard to‘lov tizimini xatarga qo‘yadi;
bunday texnik ma’lumotni taqdim etish uchun dastlabki huquqiy va tijorat mazmunidagi asoslov talab qilinadi.
Izoh (0)