Amerikalik yo‘lovchi American Airlines aviakompaniyasi layneri bortida unga ichimliklar tashiladigan aravacha tegib ketgani tufayli kompaniyadan 10 million dollar talab qildi. Bu haqda “Comments.ua” xabar bermoqda.
Voqea 2016-yil aprelida ro‘y bergandi, ammo Charlz Jonson va uning rafiqasi Xelga faqatgina 2017-yil 15-iyunda sudga murojaat qildi. Da’vo arizasi matnida aytilishicha, layner Konnektikutdagi Xartford shahridan uchib chiqayotgan paytda 136 kilogrammlik mustahkamlanmagan aravacha erkakka urilib ketgan.
Buning natijasida Jonson boshidan jiddiy jarohat olgan va hushidan ketgan. Aviakompaniya xodimlari bunday vaziyatda nima qilishni bilmay turgan vaqtda shu reysda uchayotgan hamshira unga yordam ko‘rsatgan.
Jonsonning so‘zlariga qaraganda, u olingan jarohatlar oqibatida keyin ham azoblanib yurgan. Bundan tashqari, ishlash layoqatini yo‘qotgan. Uning shaxsiy munosabatlarida ham muammolar yuzaga kelgan.
Amerikalik juftlik aviakompaniya xodimlarini mas’uliyatsizlikda ayblamoqda.
American Airlines vakili da’vo aviakompaniya tomonidan o‘rganilayotganini bildirdi.