2016-yilning 15-iyun kuni Ahmadjon Tursunboyev — to‘rt-besh yil davomida bir necha o‘n ming odamni qamrab olgan “moliyaviy piramida” asoschisi — chinozlik Ahmadboy qo‘lga olingan edi. U ikki barobar qilib qaytarish va’dasi bilan avtomobillar, qoramol, juda katta miqdordagi omonat mablag‘larni milliy va xorijiy valyutada qabul qilish bilan noqonuniy ravishda shug‘ullanib kelgan.

Shov-shuvga sabab bo‘lgan mazkur voqea yuzasidan televideniye orqali namoyish etilgan maxsus ko‘rsatuvlarda dastlabki surishtiruv ishlari davomida Ahmadboy va uning yaqinlari xonadonlaridan naqd 13,1 milliard so‘m va 12 million dollar topilgani aytilgan. Uning qo‘lida g‘aznachi bo‘lib ishlagan shaxslardan biri “kunlik pul aylanmasi 3—4 milliard so‘mni, AQSh dollarida 1 million atrofidagi summani tashkil etgani”ni ma’lum qilgan edi.

Ahmadboy bir o‘zi ishlamagan — uning bir qator yordamchilari, shuningdek, undan ilhom olgan izdoshlari ham bo‘lgan. Ahmadboyning qo‘lga olinishiga bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuvda “uning yo‘li”dan borgan Nuriddin Abulg‘oziyev, Quvonchbek Abdulqosimov qo‘lga olingan, “chinozlik Murodboy” nomi bilan tanilgan Mirzamurod Yunusaliyev esa qochib ketgani, uni qo‘lga olish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilayotgani bildirilgan edi.

Oradan bir yil o‘tdi. Ahmadboy qo‘lga olinganidan uch oy o‘tib, Prezident “moliyaviy piramida” tashkil qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi qonunni imzoladi. Lekin boshqa masalalar ochiq qolmoqda yoki hali ham jamoatchilikka bildirilgani yo‘q: Nuriddin Abulg‘oziyev va Quvonchbek Abdulqosimovga nisbatan qanday chora ko‘rildi? Murodboy qo‘lga olindimi? Ahmadboy qayerda? Eng asosiysi — Ahmadboy va u kabi faoliyat bilan shug‘ullangan boshqa shaxslardan zarar ko‘rganlarga qanday ko‘mak ko‘rsatildi, ko‘rsatilmoqda?

May oyi oxirida Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasida bo‘lib o‘tgan brifing chog‘ida jurnalistlar tomonidan Ahmadboy masalasida savol berildi. Unga: “Ahmadboy ishi bo‘yicha tergov harakatlari ichki ishlar tizimida emas. Tegishli mutasaddi organlar tergov harakatlarini olib bormoqda”, — deya qisqa javob berildi. E’tiborli tomoni, shu savol berilgan vaqtda Chinozda boshqa bir yangi “piramida”chi — Baho Marli nomi bilan tanilgan shaxs qo‘lga olingan, huquqni muhofaza qilish organlari bu holat yuzasidan “tergov harakatlari davom etayotgani”ni ma’lum qilgan edi.

“Tegishli mutasaddi organlar” jamoatchilik uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan voqea-hodisalar yuzasidan nafaqat “tergov harakatlari olib borilayotgani” haqida, balki bu tergovlarning oraliq yakunlari, natijalari haqida qachon rasmiy axborot berishi haqida aniq ma’lumotlar yo‘q.