Urugvaylik mutaxassis Xorxe Fosatti Qatar terma jamoasi bosh murabbiyligidan ketdi. Bu haqda “Championat.asia” nashri “Al-Kass” telekanaliga asoslanib ma’lumot berdi.
64 yoshli mutaxassis 8 oy muqaddam Qatar bosh murabbiyi etib tayinlangandi. Boisi qatarliklar JCh—2018 saralashining ketma-ket ikki turida — avval Erondan (0:2), keyin O‘zbekistondan (0:1) mag‘lubiyat qabul qilib olgandi.
Fosatti boshqaruvida qatarliklar saralashning olti turida maydonga tushdi va 7 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. 13-iyun kuni Qatar Dohada Rossiya—2018 chiptasi uchun asosiy da’vogarlardan biri bo‘lgan Janubiy Koreyani mag‘lub etishga ham muvaffaq bo‘lgandi. Ammo bellashuvdan so‘ng Fosatti ariza yozishga qaror qilgan.
8-turdan keyin Qatarda nazariy jihatdan 3-o‘rinni qo‘lga kiritish imkoniyati saqlanib turibdi. Buning uchun jamoa kelasi ikki turda Suriya va Xitoy termalarini mag‘lub etishi kerak. Mana shunday paytda tajribali mutaxassisning ishdan ketishi ko‘pchilik uchun kutilmagan hol bo‘ldi deyish mumkin.