Hatto eng yirik va omadli korporatsiyalar ham bozorga u yoki bu mahsulotni olib chiqishda ba’zan xatoga yo‘l qo‘yadi. Oqibatda katta umid qilingan buyum iste’molchilar o‘rtasida talabgir bo‘lmaydi. Kompaniyalar bunday omadsizliklarni tezroq unutishga harakat qiladi, deb yozadi 3DNews.
Biroq shunday odamlar topiladiki, ular nafaqat bunday omadsizliklarni yodda saqlaydi, balki bunday buyumlarni kolleksiya qilib, ularni boshqa odamlarga ham ko‘rsatadi. Shvetsiyaning Xelsingborg shahrida tijorat nuqtai nazaridan eng muvaffaqiyatsiz mahsulotlar muzeyini ochgan Samuel Uest ana shunday o‘zgalar xatosini to‘plovchilar sirasiga kiradi.
Albatta Uest kolleksiyasida yuqori texnologiya qurilmalari ham bor. Misol uchun, muzey eksponatlari orasida Apple Newton kaftga mos kompyuterini uchratish mumkin. Zamonaviy planshetlarning muboshiri hisoblangan gadjet 1993-yilda chiqarilgan va sensorli displey, shuningdek, qo‘lyozma matnni taniy olish funksiyalariga ega bo‘lgan. Biroq yo Apple Newton o‘z vaqtidan ancha ilgarilab ketgan yo juda qimmat bo‘lganligi uchun unga talab kutilganidan kam bo‘lgan.
Muzeyda taqdim etilgan yana bir mashhur loyiha bu Google Glass aqlli ko‘zoynagidir. Shuningdek, u yerdan o‘tgan asrning 70-yillarida Sony korporatsiyasi tomonidan taklif qilingan Betamax videokassetalar formati, Nokia N-Gage ilk telefon-konsolini topish mumkin.