Rossiyalik tergovchilar kratovolik mergan nomini olgan qotilning vasiyat shaklidagi maktubini topib oldi. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.
“Igor Zenkovning shaxsiy buyumlari orasida uning xati topildi. U yerda erkak otasiga qo‘shnilari bilan munosabatlari murakkabligidan noligan”, — deyiladi huquq-tartibot vakillarining bayonotida.
Tergovchilarning bildirishicha, ayni paytda u va qo‘shnilari orasida ro‘y bergan uchta ixtilofli vaziyat ma’lum. Zenkov jinoyatni maishiy sabablarga ko‘ra amalga oshirgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Rossiya Tergov qo‘mitasiga ko‘ra, 10-iyun, shanba kuni kunduzgi payt erkak “Sayga” ov miltig‘idan Kratovo posyolkasi, Pushkin ko‘chasidagi uyidan hozircha noma’lum sabablar tufayli o‘q uzishni boshladi. Buning oqibatida ikki kishi yaralandi, yana bir jarohat olgan ayol kasalxonada olamdan o‘tdi. Rossiya IIV otishmada jami to‘rt kishi halok bo‘lganini bildirdi.
Jinoyatchi IIV va Rosgvardiyaning maxsus operatsiyasi davomida yo‘q qilindi.