O‘zbekiston delegatsiyasi Xalqaro mehnat konferensiyasi 106-sessiyasida ishtirok etmoqda. Bu haqda “Daryo”ga bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati xabar qildi.
Sessiya ishida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Tanzila Norboyeva ma’ruza qildi va ijtimoiy-mehnat sohasidagi O‘zbekistonning nuqtai nazarini bildirdi.
Xususan, Tanzila Norboyeva har yilgi XMT anjumanlarida belgilanadigan mehnat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar respublika hukumati va uch tomonlama hamkorlarning asosiy yo‘nalishlariga mos ekanini ta’kidladi.
Bosh vaziri o‘rinbosari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ijtimoiy-mehnat sohasini yanada takomillashtirish, ish haqi, pensiyalar va stipendiyalarni o‘z vaqtida berish, shuningdek, aholi uchun sog‘liqni saqlash xizmatlari ko‘rsatilishini yaxshilash, mehnat sohasida gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi qayd etdi.
Tanzila Norboyeva ishtirokchilarni xalqaro standartlarga muvofiq mehnat sohasidagi bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartish va ko‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilgan “2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” to‘g‘risida batafsil tanishtirdi.
“Biz XMTning mehnat sohasidagi asosiy tamoyillari va huquqlarini tadbiq etish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston BMT agentliklari, xalqaro moliya institutlarini jalb qilgan holda uch tomonlama hamkorlarning barcha kuch-g‘ayratlarini ushbu tamoyillarni ta’sirli va natijali rivojlantirishni davom ettiradi”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.
Izoh (0)