Britaniyaning The Guardian nashri 6-iyun, seshanba kuni dunyoning turli mamlakatlarida sayyohlarga ma’lum bir xizmatlar evaziga mehmonxonalarda tekin yashash imkoniyatini taqdim etuvchi joylar haqidagi ma’lumotlarni chop etdi.
Ushbu ro‘yxatga Shri-Lankaning markaziy qismidagi Kandi shahrida joylashgan Helga’s Folly mehmonxonasi kiritildi. 30 ta xonani o‘z ichiga olgan butik-mehmonxona egasi Xelga de Silva Blou Perera freskalarga ixtisoslashgan rassomlarni mehmonxonaga tekin joylashtiradi.
Pereraning o‘zi ham san’atning mazkur turi bilan shug‘ullanadi va ko‘p yillardan buyon muassasasi devorlarini freskalar bilan bezab keladi. 2016-yildan boshlab u bu ishga boshqa rassomlarni ham jalb qila boshladi.
Ro‘yxatdan, shuningdek, Mad Monkey tarmog‘i mehmonxonalari joylashgan Kambodja va Filippin ham joy olgan. U yerda rassomlar, musiqachilar, fotograflar, blogerlar va boshqa ijodiy ishchilarni kutishmoqda. Mehmonxona tarmog‘i dijeylik xizmati yoki kartina chizib berishni bir kundan ikki haftagacha mehmonxonaga tekin joylashtirish bilan taqdirlaydi.
Gretsiyaning Korfu orolidagi Sunrock Backpackers Hostel ma’muriyati esa yashash va ovqatlanish evaziga mehmonxona binosida yoki uning fermasida ishlab berishni taklif qiladi.
Mazkur yo‘nalishlarga Yangi Zelandiyadagi Piha Beachstay, JARdagi The Place va Meksikadagi Casa Mermejita muassasalari ham kiritildi.