AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya harbiy-havo kuchlari qurshovga olingan Raqqadan Frot daryosining janubiy qirg‘og‘iga qayiqlarda o‘tishga uringan qochoqlar guruhiga hujum uyushtirdi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.
Al Mayadeen telekanaliga ko‘ra, 30 dan ortiq kishi, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘ldi. Jarohatlanganlar soni ma’lum emas.
3-iyunga o‘tar kechasi Raqqada 43 nafar tinch aholi vakili koalitsiya hujumi qurboni bo‘lgandi. Zarba suriyaliklar oilalari iftor dasturxoniga to‘plangan payt 6 qavatli uyga berilgandi.
SANA agentligi AQSh va uning ittifoqdoshlari amalga oshirgan havo hujumlari oqibatida Raqqa va uning atrofida bir oydan kamroq vaqt mobaynida 180 dan ortiq fuqaro halok bo‘lganini bildirdi.