Moskvaning Lyublinskiy tuman sudi tomonlarga tadbirkor Alisher Usmonovning muxolifatchi Aleksey Navalniyga qarshi obro‘ va nomus himoyasi haqidagi da’vosi bo‘yicha qarorning to‘liq matnini berdi, deb yozadi “TASS” biznesmenning matbuot xizmatiga tayanib.
Qarorda ta’kidlanishicha, Navalniy va uning Korrupsiyaga qarshi kurash fondi tomonidan Usmonov bosh vazir Dmitriy Medvedevga, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Igor Shuvalovga yoki boshqa rus amaldorlariga pora bergani haqida hech qanday ishonchli dalillar sudga taqdim etilmagan.
Qarorda aytilishicha, Navalniy va KKF tomonidan tarqatilgan asoslanmagan ayblovlar javobgarlarda o‘zlari xabar qilayotgan ma’lumotlarga nisbatan oqilona yondashuv butunlay yo‘qligidan darak beradi. Ijtimoiy muhum maqsadlar uchun mulkni xayriya qilish ma’qullanadi va rag‘batlantiriladi. Xayriyaning pora deb topilishi jinoiy va jinoiy-protsessual qonun bilan ko‘zda tutilgan maxsus tartibda amalga oshirilishi mumkin va sud hukmi bilan bevosita belgilanishi kerak, deyiladi qarorda.
Qarorga muvofiq, Navalniyga sud tomonidan haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan va obro‘ni to‘kuvchi deb topilgan, Usmonov Medvedevga “Sotsgosproyekt” fondiga Znamenskoye qishlog‘idagi yer maydonini xayriya qilish orqali pora bergani, Usmonov “Kommersant” nashriyot uyida senzurani amalga oshirishi, Usmonov Shuvalovga pora bergani kabi ma’lumotlarni o‘chirib tashlash majburiyati yuklatildi.