5-iyun kuni olingan intervyuda xonanda ertasi kuni, ya’ni 6-iyunda ajrim bo‘yicha sud bo‘lib o‘tishini qayt etgan.
Boshlovchining: “O‘zi birgalikda qancha vaqt yashagansizlar?” — degan savoliga javoban, Sevinch to‘ydan so‘ng besh oy davomida qaynona-qaynotasi bilan bitta uyda yashashganini, so‘ng aytishni joiz deb topmagan “ma’lum bir sabablarga ko‘ra” turmush o‘rtog‘i bilan alohida uyga ko‘chib o‘tganini gapirib berdi. “Shu vaqtdan e’tiboran oilamiz buzilishni boshladi, chunki Sharof bir kun men bilan yashasa, bir kun ota-onasi bilan yashardi”, — deya xonanda “dinda ham er-xotinning alohida yashashi qoralanishi”ni ta’kidladi.
“Bora-bora bir kun ikki kunga, uch kunga, bir oyga… aylandi, shu tariqa, biz haqiqiy oila bo‘lmay qoldik, er-xotinligimiz faqat qog‘ozda qoldi”, — deya Sevinch Sharof bilan turmushi buzilishiga uning ota-onasi sababchi bo‘lganiga ishora qildi.
“Nima deb o‘ylaysiz, bunda sizning ham aybingiz bormi?” — deya berilgan savolga qo‘shiqchi: “Men kelinlik vazifasini ortig‘i bilan bajarganman”, — dedi va buni Sharof ham “agar vijdoni u uchun birinchi o‘rinda bo‘lsa”, tasdiqlay olishi mumkinligini ta’kidladi. Xonanda “Bu artist, san’atkor, undan kelin ham chiqmas ekan, xotin ham chiqmas ekan”, — degan gapni eshitishdan qo‘rqqani uchun “jonini jabborga berib, kelinlik vazifasini o‘tashga harakat qilgani”ni aytdi.
U qaynonasiga biror marta gap qaytarmagani, hatto yuziga tik boqmaganini, uydagi ishlarni a’lo darajada bajarganini qayd etdi.
Shu bilan birga, Sevinch Sharof Muqimovga nisbatan ginasini yo‘qligini, uni farzandining otasi sifatida hurmat qilishini aytdi. “Boshimdan o‘tkazgan azoblarim bir yon, lekin nima bo‘lgandayam, u qizimning otasi”, — dedi u.