Saudiya Arabistoni Madaniyat va axborot vazirligi 5-iyun, dushanba kuni Qatarning Al Jazeera telekanali ofisining yopilishi haqida e’lon qildi. Boshqarma saytida ma’lum qilinishicha, telekanalning qirollik hududida eshittirishlar uzatish litsenziyasi chaqirib olinadi.
Vazirlik mazkur qarorga telekanalning terrorchilik tashkilotlari g‘oyalarini ilgari surganligi, Yamanda davlat to‘ntarishi uyushtirgan xusiylarni qo‘llab-quvvatlash va saudiyaliklar orasida ixtilof chiqarishga urinishlari sabab bo‘lganligini ma’lum qildi.
“Telekanal Saudiya Arabistoni Qirolligi suverenitetiga dahl qiluvchi ivg‘ogarlik bilan shug‘ullangan”, — deya ta’kidlanadi xabarda.
Avvalroq 5-iyun kuni Saudiya Arabistoni, Misr, Bahrayn va BAA Dohani terrorchilik tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlashda ayblab, Qatar bilan diplomatik munosabatlarni to‘xtatishini e’lon qilgan edi.