O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-iyun kuni “2017—2021-yillarda avtomobil sanoatini boshqarishni yanada takomillashtirish va tezkorlik bilan rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi, deb yozadi “1news.uz”.
O‘zbekiston rahbari “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasini “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyatiga aylantirdi.
Prezident 2017—2021-yillar uchun O‘zbekiston Respublikasi avtomobil sohasini rivojlantirish dasturini ma’qulladi.
Dasturga muvofiq, “O‘zavtosanoat” AJ 2021-yilgacha tovar mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini 3 marta oshiradi.
Dastur doirasida 800 million dollardan ziyod investitsiyalar o‘zlashtiriladi. Shu bilan birga importning ishlab chiqarish hajmiga nisbatan solishtirma og‘irligi 12,5 foizga qisqaradi, soha korxonalarida band bo‘lgan kishilar soni 1,2 marta ko‘payadi.
Prezident GM Uzbekistan AJ ishlab chiqargan avtomobillarga aksiz solig‘i stavkasini 29 foizdan 27 foizgacha pasaytirdi. Ammo pasayish 2017-yil 1-iyungacha tuzilgan va avtomobil narxining kamida 85 foizi to‘langan shartnomalar bo‘yicha sotiladigan avtomobillar uchun amal qilmaydi.
Shavkat Mirziyoyev Pskent avtomobil poligonini “O‘zavtosanoat” AJ avtomobillari mintaqaviy sinov bazasini tashkil qilish uchun berdi.
“O‘zavtosanoat” AJning ba’zi korxonalariga imtiyozlar berildi.