Moskvaning Strelbishenskiy tor ko‘chasidagi ijara uyda besh yildan buyon yashab keladigan o‘zbekistonlik oila 20 yashar qizi Dilnozadan ajralib qoldi, deb yozadi “Mk.ru”.
Kun bo‘yi yaxshi ahvolda yurgan qiz kechqurun uyga kelgach, onasidan sochini och rangga bo‘yab qo‘yishni so‘ragan va bundan besh yilcha avval foydalanib ko‘rgan bo‘yoqni ishlatgan. Jarayonni tugatishgach, Dilnozaning ahvoli keskin yomonlashgan. Boshi aylanishni va og‘rishni boshlagan, uydagilar unga og‘riq qoldiruvchi dori berishgan, ammo tez orada qizning nafasi bo‘g‘ila boshlagan va hushidan ketib, talvasaga tushgan.
Oilasidagilar Dilnozani ko‘rpaga solib, yordam olish umidida uylari yonidagi tug‘uruqxona eshigiga olib borishgan, shu bilan bir vaqtda tez yordam ham chaqirishgan. Ammo Dilnoza olamdan o‘tib bo‘lgandi.
O‘limning aniq sababini ekspertiza o‘rnatadi. Qarindoshlari so‘zlariga ko‘ra, kasbi farrosh bo‘lgan Dilnoza kasalmand qiz bo‘lgan, tez-tez yuragidagi og‘riqlardan shikoyat qilib turgan. Ikki oy avval ham u talvasani boshidan kechirgan, ammo yaqinlari qistoviga qaramay, shifokorga ko‘rinishdan bosh tortgan. Nashr yozishicha, soch bo‘yog‘ining o‘tkir hidi salomatligi bilan bog‘liq eski muammolarni qo‘zg‘agan bo‘lishi mumkin.