Google, Apple, Microsoft, Amazon va Facebook kompaniyalari dunyoning eng qimmatbaho brendlari beshligidan joy oldi. Bu haqda Britaniyaning WPP kompaniyasi va Kantar Millward Brown’ning The BrandZ Global Top 100 deb nomlangan qo‘shma hisoboti guvohlik beradi, deb yozadi “TASS”.
Joriy yilda reyting yetakchilari uchligi o‘zgarishsiz qoldi. Amazon o‘z ko‘rsatkichlarini yaxshilab, yettinchi o‘rindan to‘rtinchi o‘ringa chiqishga erishdi, Facebook o‘z pozitsiyasini saqlab qoldi.
Yuqorida nomlari keltirilgan kompaniyalar daromadi reytingga kiritilgan 100 ta tashkilot daromadining 25 foizini tashkil etadi. Tadqiqotda qatnashgan brendlarning birgalikdagi qiymati sakkiz foizga oshib, 2016-yilda 3,4 trillion dollarni tashkil etgani holda, 2017-yilda bu ko‘rsatkich 3,6 trillion dollarga yetdi.
Tadqiqot davomida tahlilchilar dunyo bo‘yicha uch milliondan ortiq xaridorning 120 mingga yaqin brendga nisbatan munosabatini o‘rganib chiqdi.