Uch yildan buyon Rossiyaning “Birinchi kanali”da “Dobroye utro” ko‘rsatuviga boshlovchilik qilib kelayotgan o‘zbekistonlik Dilbar Fayziyeva “Moskva-Baku” nashriga intervyu berib, aspiranturadagi o‘qishi, jurnalistika sohasiga qanday kirib qolgani, Moskvaga qanday odatlarni olib kelgani, go‘sht yemasligi haqida gapirib berdi, shuningdek, O‘zbekistonga safar qilmoqchi bo‘lgan sayohatchilarga maslahatlar berdi.
Dilbar boshlovchilik bilan birga Moskva davlat universiteti aspiranturasida ta’lim olmoqda. “Hozirda boshlovchilarning imijini butun telekanalning jozibadorligini oshiruvchi omil sifatida o‘rganish bilan shug‘ullanmoqdaman… Menga o‘z ishimni ijtimoiy-psixologik nuqtai nazardan tadqiq qilish yoqadi”, — dedi u.
Jurnalistika sohasiga qanday kirib qolgani haqida gapirar ekan, doim “xarakterli” qiz bo‘lganini qayd etdi. “Jurnalistika — itoatkor sharq ayoli uchun unchalik mos bo‘lmagan kasb. Qarindoshlarim bu tanlovimni darhol qabul qila olishmadi, ammo hozir o‘z yo‘limdan ketganim uchun xursandlar va endi doim qo‘llab-quvvatlashadi”, — dedi Dilbar.
Shuningdek, boshlovchi O‘zbekistondan Moskvaga kelgach, bu yerdagi ba’zi odatlarga ko‘nika olmagani haqida so‘zlab berdi. “Moskvaga ko‘chib kelgach, katta yoshdagi odamlar bilan ‘sen’lab gaplashishga qiynaldim. Ko‘pchilik hatto mendan xafa bo‘lardi, bunga ko‘nikishimga to‘g‘ri keldi, axir odamlarning tanlovini hurmat qilish kerak. Ammo men ota-onamdan kattalarni hurmat qilishni o‘rgatishgani uchun minnatdorman”, — dedi u.
“O‘zbekistonga otlanayotgan sayyohlarga qanday maslahatlar berasiz?” — degan savolga Dilbar O‘zbekistonning iqlimidan kelib chiqib, u yerda ovqatdan so‘ng muzdek suv yoki ichimliklar o‘rniga, o‘zbekistonliklar an’anasiga ko‘ra, issiqqina ko‘k choy ichishni tavsiya qildi.
Bundan tashqari, Dilbar bir necha yillardan buyon go‘sht iste’mol qilmasligi — vegetarian ekanligini qayd etdi. Shunga qaramay, u turli ovqatlarni pishirishga usta: iyun oyida u o‘z pazandalik blogini ochmoqchi, u yerda ham vegetarianlar, ham go‘shtxo‘rlar uchun ko‘plab qiziqarli retseptlar bo‘ladi, deydi Dilbar.