Samvel Babayan murabbiylik qilayotgan futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Tailand ustidan 2:0 hisobida zafar quchdi.
Xalqaro o‘rtoqlik uchrashuviga Toshkent shahri mezbonlik qildi. Unda Qatar Yulduzlar ligasida to‘p surayotgan legioner futbolchilar — Temurxo‘ja Abduxoliqov hamda Sardor Rashidov 1 tadan gol urib, mezbonlar g‘alabasini ta’minlab berdi. Bosh murabbiy har ikki futbolchini zaxiradan maydonga tushirdi.
Qatar chempionatida to‘p suradigan yana ikki futbolchi — Sanjar Shoahmedov va Sanjar Tursunov terma yig‘iniga chaqirilmagan.
Mazkur bellashuv har ikki mamlakat terma jamoalari uchun JCh—2018 saralashining 8-turi oldidan tayyorgarlik vazifasini o‘tab berdi. O‘zbekiston 12-iyun kuni Tehronda Eronga qarshi kurash olib borsa, tailandliklar 13-iyun kuni Amirlik termasini qabul qiladi.
O‘zbekistonga qarshi bellashuvga tayyorgarlikni Avstriyada olib borgan Karlush Keyrush boshqaruvidagi Eron termasi 4-iyun kuni Podgoritsa shahrida Chernogoriya bilan o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, Sardor Azmunning dubli evaziga 2:1 hisobida zafar quchgandi.
Xalqaro o‘rtoqlik o‘yini “Bunyodkor” stadioni 6-iyun, seshanba
O‘zbekiston — Tailand 2:0
Gollar: Temurxo‘ja Abduxoliqov, 67 (1:0). Sardor Rashidov, 90+2 (2:0).O‘zbekiston: Aleksandr Lobanov — Stanislav Andreyev, Yegor Krimets, Otabek Shukurov, Akmal Shorahmedov, Aziz Haydarov (Murod Xolmuhammedov, 81), Vadim Afonin, Server Jeparov (Temurxo‘ja Abduxoliqov, 61), Marat Bikmayev (Sardor Rashidov, 51), Jaloliddin Masharipov (Eldor Shomurodov, 46), Igor Sergeyev (Aleksandr Geynrix, 65).
Tailand: Sintxavichai Xatxairattakul — Sirod Chattong, Kevin Diromram (Chutipon Tontay, 61), Pansa Xemvibun, Chalermpong Kerdkayev, Narubadin Viravatnodom (Puttinan Vannasri, 70), Titipan Puangjan (Piradol Chamrasami, 79), Tanabun Kesarat, Sanravat Dechmitr (Tiratep Vinotay, 61), Bordin Pala (Rungrut Pumichantuk, 82), Nurul Sriyankem.