Ijtimoiy tarmoqlarda Borovskiy kolleji 2-kurs o‘quvchisi Jasurbek Ibrohimovning o‘limida asosiy gumonlanuvchi hisoblanayotgan Islombek To‘laganovning ko‘rsatmasi matni tarqaldi. “UzNews.uz”ning Toshkent shahar IIBB tergov bo‘limiga asoslanib xabar berishicha, internetda tarqalgan murojaat matni haqiqiy.

Avvalroq Jasurbek Ibrohimovning o‘limi yuzasidan tergov O‘zbekiston bosh prokurori tomonidan shaxsan nazoratga olingani, to‘plangan dalillar majmui asosida Islombek To‘laganovga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgani haqida xabar berilgan edi.

Avvalroq hodisa yuzasidan marhumning onasi murojaati, shuningdek, asosiy gumonlanuvchining ota-onasi ko‘rsatmalari e’lon qilingan edi.

Foto: “UzNews.uz”

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Islombek To‘laganov ko‘rsatmasi matni rus tilida bo‘lib, “Daryo” uning o‘zbek tilidagi tarjimasini e’tiboringizga havola qiladi.

Men, 2-kurs o‘quvchisi Islombek To‘laganov, 2-may kuni soat taxminan 13:00 da “Miran” mehmonxonasi oldidan kollej tomon o‘tib ketayotgan edim, u yerda 3-kurs talabasi Dilshod Abdullayev va Jasurbek Ibrohimov gaplashib turgan edi. Men ko‘rishish uchun ularning oldiga bordim va Dilshod akaning ishlari qalay ekanini so‘radim. U esa Jasur uning singlisiga gap otayotganini aytdi. U Jasurdan singlisiga gap otmaslikni so‘radi. Men Dilshodga, Jasurning foydasini ko‘zlab, uning boshida jarohat borligini aytdim — bir muddat avval men Jasur bilan yaxshi munosabatda edim va birinchi kursligimizda u boshidagi jarohat haqida menga aytib bergan edi.

O‘sha kuni biz u bilan kollej hududidagi bufetda ko‘rishdik. Ertasiga, 3-may kuni, videokuzatuv kameralarida ham ko‘rinib turganidek, 14:00 da kollejning o‘quv binosidan hojatxona tomon ketayotganimda Jasur va uning kursdoshlari Bekzod va Temur chelak ko‘tarib chiqindi baki tomon borayotgan edi. Men hojatxonadan qaytayotganimda ular chiqindixonadan kelayotgan edi, men esa o‘quv binosiga ketayotgan edim. Shu vaqt ulardan biri meni chaqirdi va Jasur menga qarab, nima uchun Dilshodga uning boshida jarohat borligini aytganimni so‘radi. Men unga bu gapni uning foydasini ko‘zlab aytganimni, agar noto‘g‘ri tushungan bo‘lsa, uzr so‘rashimni aytdim.

Shu vaqt Jasur kursdoshlari Bekzod va Temurning oldida yuzimning chap tomoniga zarba berdi. Lekin men bunga javob qaytarmadim. Shundan so‘ng Jasur kollejdan ko‘chaga chiqishimni va “birga bir” mushtlashishimizni talab qildi. Uning bu so‘zlaridan so‘ng, undan shu zarbasining o‘zi yetarli emasmi, deb so‘radim va sinfga qarab ketayotganimda, Jasur orqadan erkaklik g‘ururi haqida gapirib, jig‘imga tega boshladi. Jasur va Temur sinfga qarab ketdi, men esa o‘z sinfimga ketdim. Mening ortimdan Bekzod kelib, Jasurning menda gapi borligini aytdi. Men sinfda sumkamni qoldirib, oradan 5 daqiqa 20 soniya o‘tganidan so‘ng turniket orqali ko‘chaga chiqdim. Videokuzatuv kameralari yozuvlari direktor, direktor o‘rinbosari, otam va men ishtirokimizda ko‘rilganida, Jasur va Hurmat, Temur, Bekzod hamda 3-kursda o‘qiydigan boshqa Temur turniketdan sakrab o‘tganini ko‘rdik. Men oltinchi bo‘lib o‘tdim. Ular kollej qarshisidagi soya joyda turganida, ularning oldiga bordim va 3-kursdagi Temur: “Islom, nima gap?”, deb so‘radi. Men Temur, Hurmat, Jasur, Temur va Bekzodning oldida 2- va 3-may kunlari bo‘lgan voqealarni aytib berdim. Shunda Temur aka hammaning oldida yarashib olib, tarqalishni taklif qildi. Men Jasurga qo‘l uzatdim, biroq u yarashishni xohlamay, mushtlashishni taklif qildi.

Biz 145-maktabning orqa tomonida joylashgan garajlar tomon yurdik. U yerda Jasur futbolkasini yechdi va biz mushtlashishni boshladik. Mushtlashuv vaqtida u qandaydir yo‘l bilan qo‘limga tepdi, og‘riqdan baqirib yubordim. U, bundan foydalanib, orqadan bo‘ynimni egallab, bo‘g‘ish usulidan foydalandi, oyoqlarimiz chalkashib ketib, ikkimiz birga yiqildik. Jasurning changalidan chiqib ketish uchun uning tanasi bo‘ylab zarbalar berdim. Shu vaqt Hurmat yugurib kelib, bizni ajratib qo‘ydi. Mushtlashuv vaqtida yigitlar chetda turishgan edi, biz yakkama-yakka mushtlashdik, O‘lmasni men keyinroq ko‘rdim.

Mushtlashuv joyidan ketayotganimizda men og‘riqdan chap qo‘lim bilan o‘ng qo‘lim panjasini ko‘tarib ketayotgan edim. Biz yo‘lak bo‘ylab ketayotgan edik. Kutilmaganda, O‘lmas menga baqirayotganini eshitdim va ortga qaraganimda, Jasur men tomon yugurib kelayotganini ko‘rdim. Shunda men yonlamacha turib, o‘ng oyog‘imni ko‘tardim va o‘ng qo‘limni qo‘lim bilan qayirib turdim. Jasur yugurib kelib, zarb bilan urildi va undan qon oqa boshladi. Men unga dastro‘mol berdim, u artinib oldi. Hurmat suvga borib keldi va Jasur yuvindi. Uyning yon tomoniga kelganimizda, u yerda ikki ayol turgan edi, ular Jasurga yerto‘ladagi ofisga tushib, yuvinib olishga ruxsat berdi.

Raqamli rentgen orqali o‘ng qo‘lim panjasi katta barmog‘i singani va yuzimning chap tomon jag‘i lat yegani aniqlandi. Men hammasi qanday bo‘lganini aytib berdim. Jabrlanuvchi tomon Jasur bir guruh odamlar tomonidan do‘pposlangan, deb ta’kidlayapti. Bu yolg‘on. Temur va Bekzod — Jasurning kursdoshlari, Temur va Hurmat esa 3-kursda o‘qiydi.

Barchaga ma’lum bo‘lganidek, Jasur jarohat olganidan so‘ng, ota-onasi uni “tez yordam” mashinasida Yunusobod tumanidagi 17-shahar kasalxonasiga olib borgan. U yerda ko‘rikdan so‘ng boshlang‘ich tashxis — ko‘richak kasalligi (appenditsit) diagnozi qo‘yilgan. Bu kasalxona kattalar uchun mo‘ljallangani sababli, uni 5-bolalar kasalxonasiga, so‘ng 14-bolalar kasalxonasiga yuborishgan.

5-may kuni hamshira hamrohligida va bo‘lim mudiri o‘rinbosari M. Abdullayevaning ruxsati bilan men otam bilan Jasurni ko‘rib chiqdim. U ota-onasi va shifokorlarga yiqilib tushdim, deb aytganini, onasi “102” qo‘ng‘iroq qilganini aytdi. Biz unga salomatlik tilab, xonadan chiqdik. Otam bo‘lim mudiri o‘rinbosari M. Abdullayevadan davolashni tezlashtirishni va maslahatlashuv uchun mutaxassis taklif qilishni so‘radi, chunki Jasurga faqat og‘riq qoldiruvchi ukollar qilinayotgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, 14-bolalar kasalxonasida eski “RAF” va “Gazel” bor ekan. Bu avtomobillarda bolani olib yurish mumkin emas. Agar yengil avtomobil bo‘lsa, hamshira bilan birga MRT ko‘rigiga borishga ruxsat berilgan. Manzil berildi. Tongda otam avtomobilda Jasur, uning ota-onasi va hamshira bilan birga MRTga bordi. Ko‘rik javobi 5-may kuni 14:30 da ota-onasiga aytildi. Shu kuni soat 17:00 da otam mutaxassis jarrohni maslahatlashuv uchun taklif qildi. Mutaxassis Jasurni ko‘rikdan o‘tkazdi. Shu vaqt shifokorlar kelishdi. Mutaxassis, agar qorin sohasida havo bo‘lsa, zudlik bilan operatsiya qilish lozimligini aytdi. Kechasi qorin rentgendan o‘tkazildi va uning natijasiga ko‘ra, qorinda havo borligi aniqlandi. Operatsiya taxminan 20:00 da boshlanib, yarim tungacha davom etdi. 21:00 da esa operatsiya xonasidan Tohir Hasanov chiqib, Jasurni bir emas, bir necha kishi kaltaklaganini aytdi. Bu gap Jasurning onasi fikru-xayoliga o‘tirib qoldi. Tohir Hasanov hech narsani ko‘rmagan, u mutaxassis ham emas, u Gippokrat qasamini ham ichmagan.

Jasurning ota-onasi 14-kasalxonaga ishonmay, uni 16-shahar kasalxonasiga o‘tkazdi. Har kuni 277-94-47 telefon raqami orqali Jasurning ahvolidan boxabar bo‘lib turdim.

1-iyun kuni ota-onam, qarindoshlarim Markaz-4, 14-uyga borishdi, biroq bizdan u yerni tark etishni madaniyat bilan iltimos qilishdi.

Men o‘z qilmishim uchun javob beraman. Sog‘ayib ketishini juda ham xohlagandim, biroq men bu mushtlashuvni istamagandim. Men o‘z sinfimni ketib bo‘lgandim. Menga ishoning.

Hammasiga Xudo guvoh. Jasur, Xudo rahmat qilsin.

Islombek To‘laganov, gumonlanuvchi, Borovskiy nomidagi Toshkent tibbiyot kolleji o‘quvchisi