May oyi boshida kollejdoshlari tomonidan ayovsiz do‘pposlangan Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji o‘quvchisi Jasurbek Ibrohimov 1-iyun kuni kasalxonada vafot etdi. 29-may kuni ijtimoiy tarmoqlarda yigitning onasi nomidan murojaat e’lon qilingan.

Murojaat matni “UzNews.uz” sayti tomonidan e’lon qilindi, “Daryo” uning tarjimasini e’tiboringizga havola qiladi.

Foto: “UzNews.uz”

O‘g‘lim, 1999-yil 11-dekabr kuni tug‘ilgan Ibrohimov Jasurbek Mahammadjon o‘g‘li, Borovskiy nomidagi tibbiyot kollejining 2-kursida, 213-guruhda ta’lim oladi. U to‘liq ijobiy bola, yaxshi o‘qiydi, ichmaydi, chekmaydi, sport bilan faol shug‘ullanadi. Oilamiz to‘liq. U otasi va kichik farzandlarimiz bilan yaxshi munosabatda. Men va turmush o‘rtog‘im oliy ma’lumotli va barcha farzandlarimiz sog‘lom oilada, mehr va muhabbat og‘ushida voyaga yetmoqda.

3-may kuni soat 8:30 da ishga ketayotganimda, o‘g‘lim uyda qolgan edi, shu kuni uning kollejdagi darslari 13:20 da boshlanishi kerak edi. Kech soat 17:08 da o‘g‘lim Jasur menga uy raqamimizdan qo‘ng‘iroq qilib, tezroq uyga kelishimni so‘radi, u go‘yoki yiqilib tushgani va burnidan to‘xtamay qon oqib, qorni juda qattiq og‘riyotganini aytdi.

Uning ovozi, albatta, meni juda qo‘rqitib yubordi, chunki u so‘zlarni bazo‘r aytar va uning gaplarini zo‘rg‘a ilg‘ab qoldim. Uyga qaytarkanman, “Tez yordam” mashinasini chaqirdim va shu zahoti erim Mahammadjon Tursunovga qo‘ng‘iroq qilib, u ham uyga tezroq yetib kelishini, o‘g‘limiz yiqilib tushganini aytib, Jasurning g‘alatiroq ovozda gapirganini tushuntirdim.

Biz erim bilan bir vaqtda uyga yetib keldik, podyezdda ko‘rishib, uyga kirarkanmiz, kirish eshigi ochiqligini ko‘rdik, Jasur baland ovozda ingrayotgani eshitilib turardi. Yugurib bolalar xonasiga kirdik va dahshatli manzaraga guvoh bo‘ldik: o‘g‘limiz polda ichki kiyimda bukilib yotar va qattiq ingrayotgan edi. Uning oldiga yugurib borib, boshini o‘zimizga qaratib, holatidan dahshatga tushdik: burni, og‘zi va quloqlaridan quyuq qon oqar, butun beli momataloq bo‘lib ketgan, tirsaklari ham shilingan, har ikkala tizzasi singan, butun peshonasi yorilgan edi.

Uni shu zahoti karavotga yotqizdik, biroq u qorni qattiq og‘riyotganini aytib, baqirishda davom etardi. Qornining o‘ng tomoniga qarab, unda poyabzalning yaqqol izini, tomoq, jag‘ sohalarida barmoqlarning izlari borligini ko‘rdik. Undan nima bo‘lganini so‘raganimda, u Vestminster universiteti oldidagi lotokka tushib ketganini aytdi.

Karavot qonga qoplangan, gilamda qon quyqalari bor edi, bir chekkada Jasurning singan telefoni yotardi. Ho‘l sochiq olish uchun vannaxonaga kirganimda, vanna, rakovina, unitaz, pol qonga belangani, polda uning kiyimlari yotgani, shimining tizzalari yirtilib ketgani, ular chang ekani, shimi va ko‘ylagida qon izlari borligini ko‘rdim.

17:40 da “Tez yordam” mashinasi yetib keldi va bizni Yunusoboddagi 17-shahar kasalxonasiga olib boradi, yo‘l bo‘yi Jasur og‘riqdan ingrab bordi. Shifokorlar UTT o‘tkazib, o‘g‘limda buyrak va oshqozonosti bezi ishdan chiqishi yuz bergan bo‘lishi mumkinligini, rentgen ma’lumotlari esa miya chayqalishi va burun qismida sinish borligini ko‘rsatganini aytdi. Shifokor bizni 5-bolalar kasalxonasiga yubordi, chunki o‘g‘limiz hali 18 yoshga to‘lmagan edi.

“Tez yordam” mashinasi Yunusoboddagi 5-bolalar kasalxonasiga yetib kelganida, o‘g‘lim qon qusa boshladi. Biroq 5-bolalar kasalxonasining navbatchi shifokori bolani bu yerda olib qola olmasligini, unda juda jiddiy ichki jarohatlar borligini aytib, bizni 14-bolalar kasalxonasiga yubordi.

19:00 da “Tez yordam” mashinasi bizni 14-bolalar kasalxonasiga olib keldi, u yerda Tohir ismli bosh shifokor o‘rinbosari ko‘rikdan so‘ng bolamizni zudlik bilan reanimatsiyaga joylashtirdi (buning uchun unga ta’zim qilaman). Shifokor Jasurning tanasidagi jarohatlar bir necha shaxs tomonidan amalga oshirilgan do‘pposlash oqibatida paydo bo‘lganini aytdi. Vrachlar shu zahoti boladagi barcha tan jarohatlarini suratga tushirib olishdi.

Keyingi ikki kun davomsida o‘g‘limni ko‘rikdan o‘tkazishdi, bu vaqt davomida unga kuchli og‘riq qoldiruvchi preparatlar yuborildi, chunki u og‘riqlardan qiynalayotgan edi. Biroq o‘g‘limning ahvoli keskin yomonlashdi, 11:30 da bizni MRT’ga yuborishdi, natijalar olinganidan so‘ng, 19:00 da rentgen qilib, undan so‘ng zambilda operatsiya zaliga o‘tkazishdi. 5-may kuni soat 19:30 da qorin bo‘shlig‘ida operatsiyani boshlashdi, operatsiya besh soatdan ortiq, 24:30 gacha davom etdi.

Operatsiyani uch vrach — bosh shifokor o‘rinbosari Tohir, bosh jarroh Norbo‘ta va navbatchi mas’ul jarroh (ismini eslolmadim, rus erkak) o‘tkazdi. Operatsiya tugaganidan so‘ng, o‘g‘limning ahvoli og‘irligini, operatsiyaning o‘zi murakkabligini, Jasurda o‘n ikki barmoqli ichak zararlangani, buyragini to‘la gematoma qoplab olgani, oshqozonosti bezi jiddiy lat yegani va boshqa organlari ham jarohatlangani, peritonit (yiriglash) boshlangani sabab qorin bo‘shlig‘i to‘qimasining bir qismi olib tashlanganini ma’lum qilishdi.

Shuningdek, shifokorlar o‘g‘lim bir necha kishi ishtirokida har tomondan kaltaklangani haqidagi taxminimni tasdiqladi, o‘g‘limning o‘zi ham hushiga kelganidan so‘ng birinchi zarbadan so‘ng yiqilgani, so‘ng turishga uringan vaqtida, tizzalab turgani holda turli tomonidan tepkilangani, keyin hushidan ketganini aytib berdi.

6—8-may kunlari o‘g‘limning ahvoli og‘irligicha qoldi, 8-may kuni soat 21:00 da uni yana operatsiya qilishdi. 18-may kuni ahvoli og‘irligi sababli, o‘g‘limni 16-shahar kasalxonasiga o‘tkazishdi, 19-may kuni bo‘lgan operatsiyada esa, ahvol og‘irligi sabab, o‘t pufagini olib tashlashdi. 20-may kuni takroran operatsiya qilishdi. Kecha, 28-may kuni qon ketishi boshlangani sabab, soat 23:00 da operatsiya qilishga majbur bo‘lishdi. Hozir o‘g‘lim juda og‘ir ahvolda reanimatsiyada yotibdi.

5-may kuni soat 10:00 da, men kasalxonaga kelgan vaqtim, reanimatsiya oldida turgan Islomning otasini ko‘rdim. Keyinroq reanimatsiya mudiri Mahfuza To‘lqinovna ertalab soat 7:30 da Jasurni ko‘rgani bobosi kelganini va u bilan gaplashganini aytib, Islomning otasini ko‘rsatdi. Lekin u hech qanaqasiga o‘g‘limning bobosi emas — u mening o‘g‘limni urgan Islomning otasi!

O‘g‘lim kasalxonada yotgan o‘tgan kunlar davomida nima bo‘lganini o‘zim aniqlashga harakat qilib ko‘rdim.

Mana, o‘g‘limning guruh bo‘lib do‘pposlanganiga aloqadorlarning ismlari ro‘yxati?

  • Islom, 2-kurs,
  • O‘lmas, 2-kurs,
  • Temur, 3-kurs,
  • Hurmat, 3-kurs,
  • Temur, 2-kurs,
  • Bekzod, 2-kurs.

Boz ustiga, ularning ikki nafari bezori sifatida ro‘yxatda ham turadi, aynan:

  • Temur, 3-kurs,
  • Hurmat, 3-kurs.

Shuningdek, mushtlashuvda ishtirok etgani bilan maqtangan Borovskiyning boshqa o‘quvchilari aytgan gaplarga ko‘ra, Islomning otasi va onasi advokat, u militsiyani sotib olgan va bu ish, avval ham bo‘lganidek, yopdi-yopdi bo‘lib ketadi.

Mushtlashuv tafsilotini aytib berganlar O‘lmas orqadan kelib kuch bilan o‘g‘limni tepganini, so‘ng o‘g‘lim yiqilgani, qolganlar esa uni har tomondan tepkilashni boshlagani, oxirida esa O‘lmas yerda yotgan jabrlanuvchining ahvolini suratga tushirganini aytib berdi.

2—3 oy avval ham Borovskiy o‘quvchilari o‘rtasida shunga o‘xshash mushtlashuv bo‘lgan, Islom va O‘lmas 2-kursda o‘qiydigan Temurni do‘pposlagan, u yuzidan jarohatlar olgan (yuziga bir necha chok tushgan), shundan so‘ng uni suratga olib, hammaga ko‘rsatishgan, bolani esa uzoq vaqt masxara qilib yurishgan.

Biroq bu ishni imi-jimida tinchitilgan, Islom va O‘lmas jabrlanuvchiga 200 dollardan pul bergan. Kollej o‘quvchilarining aytishicha, Islom va O‘lmas nisbatan kuchsiz o‘quvchilarni uradi, buni suratga tushiradi, so‘ng ularning ota-onalari jabrlanuvchilarga pul to‘lab, ishni tinchitadi, bu o‘smirlar esa urib, jabrlanuvchini suratga tushirishdan va, albatta, jazoga tortilmasligidan zavq oladi.

Yuz bergan voqea haqida dekan Mariella Tulenovnadan so‘raganimda, u “hech qanday qo‘rqinchli narsa bo‘lmagan”ini aytdi. Modomiki shunday ekan, unda nega 2-kursda o‘qiydigan Temur o‘zi bilan bo‘lgan hodisa haqida aytishdan va uni ham o‘g‘lim, Jasurning ko‘yiga solishlaridan qo‘rqadi?

3-maydagi tepkilash qayerda yuz berganini aniqladik — hammasi soat taxminan 12:00—16:00 oralig‘ida O‘zbekiston Harbiy prokuraturasi va 145-maktab hududlariga tutash joyda yuz bergan. Harbiy prokuratura binosida videokuzatuv kameralari bor va hodisa yuz bergan lahza videokuzatuv kameralariga yozib olingan bo‘lishi mumkin. Garajlar yonida stomatologiya klinikasi joylashgan (Istiqbol ko‘chasi, 25-uy), klinika xodimlari Nigina va Lena oq ko‘ylakdagi yetti o‘quvchini ko‘rganini, ulardan biri qonga botganini, qolganlar unga nimadir deb ketayotganini tasdiqladi. O‘quvchilar Niginaga qonga botgan bola o‘zi yiqilib tushganini aytgan, Nigina va Lena o‘g‘limni yuvintirgan va unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan.

Biroq, sizga yo‘llayotgan murojaatimga qadar na biz, na mazkur o‘smirlar “to‘da”si so‘roq qilindi, videoyozuvni olishga ham qiziqib ko‘rishmadi. Nima uchun bu vaziyatga na Borovskiy kollejining pedagogik jamoasi, na bu o‘smirlarning ota-onalari, na tuman ichki ishlar boshqarmasi munosabat bildirmayotgani biz uchun tushunarsiz. Aynan shunday yaramaslar voyaga yetgach, o‘z Vatanini sotadi va turli kriminal guruhlarga, xususan, IShID safiga qo‘shiladi.

Men do‘pposlashga aloqador olti o‘quvchining familiyalarini o‘qituvchilardan so‘raganimda, ular bu o‘quvchilarning familiyalarini bilmasliklarini aytishdi.

4-may kuni Islom haqida dekan Mariella Tulenovnadan so‘raganimda, u bu o‘quvchi darsda bo‘lganini aytdi, oradan bir necha kun o‘tib esa Islomning o‘qituvchisi Janna Vorotnikova Shuhratovna o‘z darsini tashlab, ochiq darsda qatnashish uchun boshqa sinfga chiqqanini, qaytib kelganida Islom darsda bo‘lganini aytdi. Biroq 19-may kuni dekan o‘quvchilar tanaffus vaqtida tashqariga chiqqanini, O‘lmas (2-kurs, 226-guruh o‘quvchisi) mushtlashuvda umuman qatnashmaganini aytishni boshladi. Agar Janna Vorotnikova Shuhratovna, shuningdek, “Shaxs va jamiyat” fani o‘qituvchisi va dekan Mariella Tulenovna yolg‘on gapirib, bezori o‘quvchilarni yashirayotgan ekan, kollej ma’muriyati (direktori) Lutfi Yo‘ldoshevna Yusupova qayerga qarayapti?

Umid qilamanki, adolat qaror topib, barcha aybdorlar jinoiy javobgarlikka tortiladi.