Kollejdoshlari tomonidan ayovsiz do‘pposlangan va 1-iyunda vafot etgan Jasur Ibrohimovning ishi yuzasidan tarqalayotgan turli xabarlarga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahar IIBB bir qator OAVlarni Mirobod tuman IIBga taklif qildi.

Bu uchrashuvda Jasur Ibrohimovni kaltaklashda ishtirok etgan Islom To‘laganovning ota-onasi, marhum yigitning sinfdoshlaridan birining onasi, holat yuzasidan tashkil etilgan petitsiyaning tashkilotchilari ishtirok etdi.

Yuz bergan voqeadan biz juda qayg‘udamiz. Men bu yerda biz aybdor emasmiz deb ayta olmayman. Men har doim o‘g‘limga yaxshi o‘qish kerakligini aytganman. 2-mayda men uni o‘qishga olib borishim kerak edi. Uning darsi tushdan keyin ekan. Uning darsi soat 13:30 da boshlanishi kerak bo‘lgan, biz kollejga 13:00 da yetib bordik. Bu vaqtda Dilshod Abdullayev va marhum Jasur Ibrohimov kollej oldida gaplashib turgan edi.

O‘g‘lim ular bilan salomlashdi. Ularning yaqinida turib suhbatlarini eshitdim. Dilshod Abdullayev “Jasur mening singlimga gap otyapti”, — dedi. Islom “Dilshod aka, qo‘ying, Jasurning jarohati bor, u kasal bo‘lgan”, — dedi. Shundan so‘ng Dilshod ketdi.

Abdujalil Rasulov, Islom To‘laganovning otasi

Islomning otasi aytishicha, voqea yuz berganidan so‘ng u Dilshod bilan gaplashgan. Dilshod unga Jasur bilan gaplashganini va unga singlisiga boshqa gapirmasligini aytgan. Shundan so‘ng ular kelishib ketgan.

Islomning otasi voqea yuz berganidan so‘ng kollejga videokameralardagi tasvirlarni ko‘rish uchun borgan. Uning aytishicha, ertasi kuni, ya’ni 3-mayda taxminan soat 14:00 da o‘g‘li kollej hovlisiga chiqqanda Jasur o‘zining kursdoshlari Timur va Bekzod bilan hovlida bo‘lgan va Islomni chaqirgan. Islom ularning oldiga kelganda, Jasur undan “kecha nega meni jarohat olgan, kasal bo‘lgan deb aytding”,— deb so‘ragan. Islom esa “buni seni foydang uchun aytdimku, agar xafa qilgan bo‘lsam, uzr”, — degan. Islom yana bir marta uzr so‘ramoqchi bo‘lganda, Jasur uning yuziga urgan. Shundan so‘ng Islom Jasurga “Sen shundan xursand bo‘ldingmi?”, — deb aytgan va o‘quv binosi tomonga ketgan.

Jasurning kuratori ham u Islomni urganini aytdi. Agar bizga bunday ma’lumot kelmaganda edi, biz kollejga videoyozuvlarni ko‘rish uchun bormagan bo‘lardik. Biz bunga ishonch hosil qilish uchun bordik. Kuratorning so‘zlaridan so‘ng biz kollej direktori, direktor o‘rinbosari va Islombek bilan birgalikda kuzatuv kameralari yozgan tasvirlarni ko‘rdik”, — deb so‘zida davom etdi Islom To‘laganovning otasi.

Abdujalil Rasulov o‘g‘li Islom To‘laganovning so‘zlariga va kuzatuv kameralaridagi tasvirlarga tayanib aytishicha, yuqoridagi vaziyat yuz bergandan biroz vaqt o‘tib, Jasur uchinchi kursda o‘qiydigan Timur va Hurmat, Jasurning kursdoshlari Timur va Bekzod hamda Islom kollejdan chiqib, ko‘chada gaplashgan.

Ko‘chada uchinchi kursda o‘qiydigan Timur Jasur va Islomdan nima bo‘layotganini so‘ragan. Islom esa yuqorida keltirib o‘tilgan voqeani aytib bergan. Timur esa Jasurga bekorga Islomni urganini va ular yarashib olishi kerakligini aytgan. Jasur Islom bilan urishmoqchiligini aytib, buni talab qilgan. Shundan so‘ng ular urishish uchun ketgan. “Jasur avval kurash bilan shug‘ullangan. U usul qo‘llab, Islomning qo‘lini qayirgan va ular yiqilgan. Shu vaqtda uchinchi kursda o‘qiydigan Hurmat yugurib kelib, ularni ajratgan”, — dedi Islomning otasi so‘zida davom etib.

Otaning so‘ziga ko‘ra, shundan so‘ng, ular ajralib keta boshlagan. Jasur orqadan Islomga qarab yugurib kela boshlagan. Islom esa o‘ng oyog‘ini ko‘targan va tirsagi bilan yuzini to‘sgan. Jasur uning oyog‘iga qorni bilan urilgan. Keyin esa ular stomatologiya yaqinida Jasurning qonagan joylarini yuvgan.

Tergov hammasini o‘rganib chiqishini xohlardim. Men o‘ylaymanki, tergov yagona qonuniy fikrga keladi. Nima bo‘lganini, qanday bo‘lganini aniqlaydi. O‘g‘lim bo‘lsa ham uning bu harakatini oqlamayman. Men uni bunday tarbiyalamaganman.

Islom To‘laganovning otasi

“Farzandimizga bunday tarbiya bermagan edik. Har doim orqangdan birov kelib tepsa, “kechirasiz”, deb aytgin derdi otasi. Hech qachon birovga qo‘lingni tekkizma, deb tarbiya qilganmiz. Lekin mana bir oydan beri men umuman bolamni o‘ylaganim yo‘q. Bolam qonun oldida qilgan ishi uchun javob bersin. Men mingdan-ming roziman. Shu bolaga 10 kunlab qaraganim ham yo‘q. Biz faqat Jasur bilan ovora bo‘ldik. Xudodan shu bola tuzalib ketishini va haqiqatni aytishini tilagan edim. Qonun doirasida chora ko‘ringlar. Men ona bo‘lsam ham, roziman. Mayli qonun hal qilsin. Mana bir oydan beri kelib, hammasiga javob beryapti. Bundan keyin ham javob beradi”, — deb ko‘zida yosh bilan gapirdi Islom To‘laganovning onasi Zumrad Mambetova.

Jasurning onasi tomonidan yozilgan murojaatda Islomning otasi 5-mayda kasalxonaga Jasurni ko‘rgani kelgani aytilgan. Tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Islomning otasi Jasurga tahdid qilishidan qo‘rqib, uni Jasurning oldiga kirishga qo‘yishmagan. Biroq Islomning otasi ta’kidlashicha, bosh shifokor ularga Jasurni ko‘rishga 30—40 soniya ruxsat bergan. “Biz bolani ahvolini ko‘rib turib, qanday tahdid qilamiz? Hech qanday tahdid bo‘lmagan. Men bir martagina kirdim. Uning ahvolini so‘radim. Biz boshqa kirmadik, ota-onasi bilan, shifokorlar bilan gaplashdik”, — dedi Islomning onasi bu xabarlarga javoban.

Shu bilan bir vaqtda yana bir masalada chigallik yuzaga kelmoqda. Jasurning onasi kuzatuv kameralari tasvirlarini so‘rab borganda voqea yuz bergan kuni videokameralar tasvirni yozmagani aytilgan. Islomning otasi esa bo‘lib o‘tgan voqealarni kuzatuv kameralaridagi tasvirga asoslanib aytib bermoqda. Bu holatga oydinlik kiritish tergov tomonidan amalga oshirilishi Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari Fathulla Abdurahimov tomonidan qayd etildi.

Islom To‘laganov 31-mayda tergovga kelgan. Mushtlashuv vaqtida u boshidan jarohat olgan. Ayni vaqtda u Toshkent shahrida. Petitsiya davomida Islomning ruhiy kasallikka uchragani va ayni vaqtda davolanayotgani haqida bildirilgan fikrlarni Islomning ota-onasi rad etdi.

Jasurning sinfdoshlaridan birining onasi marhum o‘smirning ota-onasi va o‘rtoqlarining so‘zlariga tayanib quyidagilarni ma’lum qildi. Jasur va Islom o‘rtasidagi “hikoya” bir yil davom etgan. U buni Jasurning o‘rtoqlari so‘zlariga tayangan holda aytdi. Uning aytishicha, ikki o‘smir bir yil avval bir qizning ustidan tortishgan. Bir yil ichida nima bo‘lgani haqida ayol hech narsa deya olmadi. Voqea Jasur sinfda navbatchi bo‘lgan kuni yuz bergan. Axlatni tashlash bahonasida Islom Jasurni axlat tashlaydigan joyga boshlab borgan. U yerda Jasurni olti kishi kutib turgan. Mushtlashuv boshlangan. Jasur hushini yo‘qotgach, olti kishi bo‘lib uni do‘pposlashgan.

Mirobod tumani IIB tomonidan holat yuzasidan 4-maydan boshlab tergov oldi tekshiruvi olib borilgan. Jinoyat Kodeksining 104-moddasi uchinchi qismi bilan 31-mayda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishining darhol qo‘zg‘atilmaganiga sabab sifatida Jasur Ibrohimovning dastlab “ariqqa yiqilib tushdim”, deb bergan ko‘rsatmasi keltirilmoqda.

Islom To‘laganovning ota-onasi va Jasur Ibrohimovning sinfdoshlaridan birining onasi tomonidan aytilgan ma’lumotlar qanchalik rostligi tergov davomida aniqlanadi.