Toshkentda bir yilda 53 mashinani aldov yo‘li bilan egalaridan olib, boshqalarga sotib yuborgan qallob qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB rasmiy saytida ma’lum qilindi.
2016-yilning 30-may kuni Otabek Ahrorbekovich Mamirbekov Sergeli tumani hududida fuqaro Mehroj Mahmudovning ishonchiga kirib, unga tegishli bo‘lgan Lacetti avtoulovini aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritib, keyinchalik Sherzod Shorahmedovga avtoulovni 9 ming dollarga sotib yuborgan va olgan pullarini o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan edi.
Mazkur holat yuzasidan Sergeli tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Mamirbekovga nisbatan JKning 168-moddasi 1-qismi (firibgarlik, ya’ni o‘zganing mulkini aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Olib borilgan dastlabki tergov harakatlari jarayonida Mamirbekov 2016-yil mart oyidan 2016-yil iyun oyiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida firibgarlik yo‘li bilan 53 nafar fuqarolarga tegishli bo‘lgan avtoulovlarni qo‘lga kiritganligi aniqlandi.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, uning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.