Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu raqobati nafaqat “Oltin to‘p” uchun kurashda, balki “Oltin butsa” poygasida ham namoyon bo‘ladi.
“Oltin to‘p”lar borasida Messining ko‘rsatkichlari allaqachon 5 taga yetib ulgurgan bo‘lsa, Ronalduda ularning soni 1 taga kamroq.
“Oltin butsa”lar borasida esa ular tenglashdi. Messi La liganing joriy mavsumini 37 ta gol bilan yakunladi va reytingda 74 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Bu borada argentinalik hujumchi “Sporting” safida 34 ta gol urgan Bas Dost hamda “Borussiya Dortmund” libosida 31 bor muvaffaqiyat qozongan Pyer-Emerik Obameyangni ortda qoldirdi.
Krishtianu Ronalduda “Oltin butsa”lar soni 4 ta. U 2008-yil “Manchester Yunayted” safida 31 ta gol urishga erishgan. Keyinroq “Real” libosida 2011-yil 40 ta, 2014-yil 31 ta va 2015-yil 48 ta gol urdi.
Endilikda Messida ham “Oltin butsa” 4 tani tashkil qiladi. U 2010-yil 34 ta, 2012-yil 50 ta, 2013-yil 46 ta va mana endi 2017-yil 37 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.