24-may kuni Prezident “Qishloq va suv xo‘jaligi tarmoqlari uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi. Uning matni Prezident matbuot xizmati rasmiy saytida joylashtirildi, deb xabar beradi Norma.
Qarorga binoan Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti qayta tuzilib, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyasi muhandislari institutiga aylanadi. Oliygoh muhandis-texnik kadrlarni tayyorlash, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyasi va irrigatsiya sohasidagi ilmiy-pedagogik mutaxassislarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish bo‘yicha tayanch muassasa bo‘ladi.
2017–2018-o‘quv yili boshiga kelib Toshkent davlat agrar universitetining “Qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyasi” hamda “Qishloq xo‘jaligi elektrifikatsiyasi va avtomatizatsiyasi” 1–3-kurs talabalari hamda tegishli magistratura mutaxassisligi talabalari yangi oliy o‘quv yurtiga o‘tkaziladi. Buning natijasida Toshkent davlat agrar universitetida mazkur mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash tugatiladi.
Shuningdek, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyasi muhandislari instituti strukturasiga Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida joylashgan qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyasi va elektrifikatsiyasi ilmiy-tadqiqot instituti qo‘shib beriladi.
Izoh (0)