Gonkong terma jamoasi sobiq futbolchisi Li Vay Men hujum qurboniga aylandi, deb yozdi “Championat.asia” nashri South China Morning gazetasiga asoslanib.
Mamlakat savdo markazlaridan birida 43 yoshli sobiq futbolchi chamadon ko‘tarib ketayotganida qaroqchilar qo‘liga tushib qolgan. Ular jabrlanuvchiga pichoq bilan hujum qilgan va qo‘rqitish orqali chamadonni olib qo‘ygan.
Chamadon ichida 24 ta quyma oltin va mahalliy valyutada 89 ming AQSh dollariga teng kupyura bo‘lgan. Tunab ketilgan chamadon ichidagi narsalar umumiy 1 million dollarga baholangan.
Hujum oqibatida Li Vay Men yuzidan jarohat olgan. Ammo bu jarohat u qadar jiddiy emas.
Qaroqchilar esa o‘zlarini kutib turgan mashinada qochib ketgan. Gonkong politsiyasi tekshiruv ishlarini boshlagan bo‘lsa-da, hozircha jinoyatchilar manzilini topishning iloji bo‘lmadi. O‘z navbatida sobiq futbolchi nima sababdan shuncha pul ko‘tarib yurganiga ham oydinlik kiritilmagan.
Li Vay Men 1993—2006-yillar oralig‘ida Gonkong terma jamoasi sharafini himoya qilgan va 68 ta uchrashuvda ishtirok etgan.