Buyuk Britaniyaning Manchester shahrida politsiya shubhali predmetni nazoratli portlatdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Ushbu shubhali buyumning nima bo‘lgani va nega portlatilgani hozircha noma’lum. U haqdagi ma’lumot Katta Manchesterning Twitter’dagi sahifasi orqali berildi.
Bundan tashqari, surishtiruv doirasida yana ikki kishi hibsga olingani ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Manchester Arena stadionida 22-may, dushanba kuni Ariana Grandening konserti vaqtida portlash sodir bo‘ldi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, stadiondagi portlash oqibatida 22 kishi halok bo‘lgan, 59 kishi jarohatlangan. Hodisa uchun javobgarlikni IShID terrorchilik guruhi o‘z zimmasiga oldi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.