Madridning “Real” klubi besh yil deganda Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritishi uchun so‘nggi — 38-turda Malagadan ochko bilan qaytishi kerak.

Foto: Daily Mail

Foto: Daily Mail

21-may kuni “Barselona” o‘z maydonida “Eybar”ni qabul qiladi. Kataloniya klubi mazkur bellashuvda zafar quchsa va parallel o‘yinda “Real” imkoniyatni boy berib qo‘ysa — chempionlik “Barselona”ga nasib qiladi.

“Qirollik klubi” oltin medallarga ega chiqishi uchun hech bo‘lmaganda 1 ochko ishlab olishi kerak. Jamoa mana shunday pallada turgan bir vaqtda ispaniyalik sport jurnalistlari “Real” foydasiga ishlaydigan faktni taqdim etdi, deb ma’lumot berdi “Sports.ru”.

“Real” 2013-yilgi mavsum “Malaga”dan Iskoni xarid qilgan. Shartnoma shartlariga ko‘ra, o‘sha mavsumdan boshlab besh yil davomida “Real” har bir La liga chempionligi uchun malagaliklar hisob raqamiga 1 million yevrodan o‘tkazib berishi kerak.

2013-yildan hozirga qadar “Real” biror marta ham Ispaniya chempioni bo‘la olmadi. Va nihoyat 2017-yilga Madrid klubi oltin medallar bo‘sag‘asida turibdi. Chempionlik uchun esa bor-yo‘g‘i 1 ochko kerak. Faqatgina shu holatda “Malaga” 1 million yevro ishlab oladi.

“Malaga” so‘nggi turda “Real”ni mag‘lub etsa, unga qancha mukofot puli berilishi ma’lum emas. Bunday holatda “Barselona” Malaga klubiga taklif bilan chiqib, “Real”ni yutib berish uchun 1 milliondan ko‘proq va’da qilish huquqiga ega. Ammo Kataloniya klubi hozircha bunga jur’at etganicha yo‘q.