Amerikalik musavvir Jan-Mishel Baskiya mo‘yqalamiga mansub kartina Nyu-Yorkdagi Sotheby’s auksionining zamonaviy san’at asarlari savdosida 110,5 million dollarga sotildi. Bu Baskiya asarlari uchun rekord summa hisoblanadi, deya xabar beradi “TASS”. 

Foto: EPA

Foto: EPA

1982-yilda chizilgan surat kolleksiyachilar qiziqishiga sabab bo‘ldi va dastlabki bahodan deyarli ikki barobar ko‘tarilib ketdi.

Savdolarda yaponiyalik milliarder Yusaka Maedzavaning qo‘li baland keldi. U mazkur kartina ona shahri Tibadagi muzeyga qo‘yilishini bildirdi.

Oxirgi bor Baskiyaning ushbu asari 1984-yilda, muallif hayotlik payti sotuvga qo‘yilgan va atigi 19 ming dollarga sotilgandi.