9–13-may kunlari Tojikistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Madaniyat vazirligidan xabar berishlaricha, O‘zbekiston delegatsiyasi Dushanbe xalqaro aeroportida karnay-surnay bilan kutib olingan. Madaniy tadbirda “O‘zbekkino” milliy agentligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi vakillari, O‘zbekiston xalq artistlari, “Nihol” mukofoti sovrindorlari, xalqaro tanlovlar g‘oliblari, “O‘zbekiston” ashula va raqs ansambli ishtirok etgan.
Madaniyat kunlarining ochilish marosimi 10-may kuni Sadriddin Ayniy nomidagi davlat akademik opera va balet teatrida bo‘lib o‘tdi. Unda Tojikiston hukumati a’zolari, Madaniyat vazirligi va diplomatik korpus vakillari, madaniyat va san’at arboblari, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Teatr foyyesida O‘zbekistonning mustaqillik yillarida erishgan yutuqlariga bag‘ishlangan “Zamonaviy O‘zbekiston” nomli fotoko‘rgazma tashkil etildi.
“Kohi Navro‘z” majmuasida bo‘lib o‘tgan “Ota” va “Oyqiz ertagi” badiiy filmlari namoyishi ham tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi. Dushanbe shahri bilan bir qatorda Qo‘rg‘ontepa va Tursunzoda shaharlarida ham konsert dasturlari o‘tkazildi.
Tojikiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston va Tojikiston madaniy aloqalari hamda O‘zbekiston madaniyati kunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston madaniyati kunlari Tojikiston ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.
Muqaddam Madaniyat vazirligi matbuot xizmati madaniyat kunlaridan fotosuratlar taqdim etgan edi.
Izoh (0)