Namangan viloyatida 15-may — Xalqaro oila kunida 16 juft kelin-kuyovning nikoh to‘yi va “Eng namunali oila” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Bu haqda “Daryo”ga Yangiqo‘rg‘on tuman hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Chortoq tumanidagi “Orom” tantanalar majmuasi Yangiqo‘rg‘on va Chortoq tumanlaridan 5, Uychi va Uchqo‘rg‘on tumanlaridan 3 juftdan kelin-kuyovning baxt to‘ylariga mezbonlik qildi. To‘kin dasturxon atrofida yoshlarga baxt-iqbol, farovon turmush tilaklari bildirildi.
Yoshlarga yotoqxona mebeli to‘plami, kir yuvish mashinasi, boshdan-oyoq sarpolari taqdim etildi. Kelin-kuyovlarga nikoh guvohnomalari tantanali topshirildi. Viloyatning taniqli san’atkorlari yoshlar xizmatida bo‘ldi.
Yangiqo‘rg‘ondagi bolalar va o‘smirlar musiqa maktabida tuman xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan “Eng namunali oila” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Tadbirda tumandagi 5 oila totuv turmush sirlari bilan o‘rtoqlashdi, turli shartlar bo‘yicha bellashdi.
Ularga tuman hokimligining faxriy yorliqlari taqdim etildi. “Kitobsevar oila”, “Sportchi oila”, “Ishbilarmon oila” kabi turli nominatsiyalarda homiylarning qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.