13-may kuni WSB chorak finali doirasida Uzbek Tigers jamoasi Cuba Domadores’ni qabul qiladi. Bellashuv Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.

Foto: “Sports.uz”

Foto: “Sports.uz”

“Sports.uz” nashri yarim final yo‘lida bo‘lib o‘tadigan dastlabki janglarda ringga chiqadigan bokschilar nomiga oydinlik kiritdi. Unga ko‘ra, kubaliklar O‘zbekistonga Xoanis Arhilagos Peres, Xavyer Ibanyes Dias, Endi Kruz Gomes, Arlen Lopes Kardona hamda Erislandi Savon kabi bokschilarni olib keladi.

O‘zbekistonliklar safida esa Rio—2016 chempioni Hasanboy Do‘stmatov va bronzasi sohibi Murod Ahmadaliyev ringga chiqadi. Ular qatorida o‘tgan hafta Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan Iqbol Xoldorov hamda Isroil Madrimov bor. Beshinchi bokschi esa Osiyo chempionatining finaliga chiqa olmagan yagona o‘zbekistonlik Sanjar Tursunov bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi o‘tgan hafta Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib, 10 ta vazn toifasining 9 tasida qit’a chempionligini qo‘lga kiritdi. Sovrindor bo‘la olmagan Sanjar Tursunov ham qolgan bokschilar qatorida Germaniyada o‘tadigan Jahon chempionatida ishtirok etadigan bo‘ldi.

Uzbek Tigers va Cuba Domadores bokschilari WSB doirasida bir yil avval yarim finalda to‘qnash kelgan bo‘lib, unda kubaliklar finalga yo‘l olgan va Toshkent mezbonlik qilgan hal qiluvchi jangda Astana Arlans ustidan zafar quchib, musobaqa g‘olibiga aylangandi.

Uzbek Tigers vs Cuba Domadores

-49 kg: Hasanboy Do‘stmatov — Xoanis Arhilagos Peres

-56 kg: Murod Ahmadaliyev — Xavyer Ibanyes Dias

-64 kg: Iqbol Xoldorov — Endi Kruz Gomes

-75 kg: Isroil Madrimov — Arlen Lopes Kardona

-91 kg: Sanjar Tursunov — Erislandi Savon

Cuba Domadores

Kubaliklar safida Samarqandga tashrif buyurayotgan Arlen Lopes Kardona Rio—2016 chempioni hisoblanadi. Braziliyadagi finalda u Bektemir Meliqo‘ziyevni mag‘lub etib, oltin medalga ega chiqqandi.

Hasanboy Do‘stmatov va Sanjar Tursunovga raqiblik qiladigan bokschilar Rioda bronza medali bilan kifoyalangan. Hasanboy oltin olgani “Daryo” o‘quvchilariga ma’lum. Sanjar Tursunovning raqibi qatorida Rustam To‘laganov ham Rioda bronzaga ega chiqqandi.

Murod Ahmadaliyevga raqiblik qiladigan bokschi Rioga tashrif buyurmagan. Uning vazn toifasida mashhur Robeysi Ramires qit’a chempionligini qo‘lga kiritgandi.

Shuningdek, -64 kilogramm vazn toifasida jang qiladigan bokschi ham Rioda ko‘rinish bermagan. Fazliddin G‘oibnazarovning chempionligi bilan yakuniga yetgan vaznda Kuba sharafini himoya qilgan bokschi yarim finalga ham yetib kela olmagandi.