7-may kuni amerikalik aktrisa va xonanda Niki Minaj Twitter’dagi sahifasida yangi Regret In Your Tears nomli taronasi uchun tanlov e’lon qildi va bu tanlov xayriya aksiyasiga aylanib ketdi, deb xabar bermoqda TJournal.
Tanlov shartlariga muvofiq, muxlislar yangi tarona uchun raqsli kreativ video suratga olishi lozim edi. G‘oliblar aktrisa bilan studiyada ko‘rishish yoki Billboard Music Awards mukofotini topshirish marosimiga birga tashrif buyurishi mumkin edi.
Kutilmaganda tanlov xayriya aksiyasiga aylanib ketdi. Bunga Minaj muxlislaridan birining aktrisaga Twitter’da yozgan savoli sabab bo‘ldi. Muxlis aktrisadan “Mening o‘qish pulimni to‘laysizmi?”, — deb so‘radi.
Aktrisa bunga darrov “Baholaringiz hammasi besh ekanligini ko‘rsating va buni o‘qish joyingiz tasdiqlasa, to‘layman. Yana kim ushbu tanlovda ishtirok etmoqchi? Men jiddiy gapiryapman. Boshlaymizmi?” — deb javob qaytardi.
Qisqa muddat ichida aktrisaga baholar, moliyaviy ahvol haqidagi yuzlab hujjatlar, ta’lim olgach, erishilmoqchi bo‘lgan global maqsadlar yoritilgan matnlar kelib tushdi.
Minaj talabalarga to‘liq javob berdi, aniqlashtirish uchun savollar berdi va qarzni to‘lashga va’da berdi. Agar to‘lov katta mablag‘ talab qilsa, ularning bir qismi uchun pul ajratishini ma’lum qildi.
Muxlislari bilan bir soat davom etgan suhbat so‘ngida Minaj 8-may kuni o‘nlab talabaning o‘qish pulini to‘lab berishini aytdi.
Izoh (0)