“O‘zstandart” agentligining bosh direktor Aktam Haitov boshchiligidagi delegatsiyasi Turkiyaga ishchi safari uyushtirdi. Bu haqda “Jahon” axborot agentligi xabar bermoqda.
Safar chog‘ida Turkiya standartlar instituti (TSE) raisi Sabohiddin Qo‘rqmaz, Turkiya akkreditatsiya agentligi (TURKAK) bosh kotibi Halil Chetin va metrologiya bo‘yicha Turkiya milliy instituti (UME) raisi Mustafo Chetindosh bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston vakillari Turkiyaning standartlashtirish bo‘yicha muassasalari o‘lchash uskunalari va infrastrukturasi bilan, xususan, elektrotexnik, oziq-ovqat, kimyoviy mahsulotlar, yoqilg‘i-moylash materiallari va energiya samaradorligini o‘lchash apparatlari bilan tanishib chiqdi.
Shuningdek, delegatsiya Turkiyaning tegishli idoralarining faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
O‘z navbatida, Turkiya vakillari “O‘zstandart” faoliyati hamda mamlakat rahbariyatining sohani rivojlantirish borasidagi rejalari bilan tanishtirildi. Xususan, 2017–2020-yillarda “O‘zstandart” agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi yuqori baholandi.
Turkiyalik mutaxassislar O‘zbekiston mazkur sohada muayyan qiziqish uyg‘otishini e’tirof etdi. Shu bilan bog‘liq ravishda ikki tomonning tegishli idoralari o‘rtasida muntazam aloqalar va safarlarni yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega bo‘lishi ta’kidlandi.
Muzokaralar yakunlariga ko‘ra “O‘zstandart” hamda Turkiya standartlar instituti o‘rtasida 2017–2019-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi. Hamkorlik haqidagi hujjat, shuningdek, Turkiya akkreditatsiya agentligi bilan ham imzolandi.