Futbol bo‘yicha Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Yoaxim Lyov Xitoy futbol federatsiyasidan mamlakat terma jamoasini boshqarish taklifini oldi. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.
Germaniyalik mutaxassisga rekord summa — yiliga 25 million yevroga teng 2 yillik shartnoma taklif qilindi. Agar Lyov taklifni qabul qilsa, dunyodagi eng serdaromad futbol murabbiyiga aylanadi.
Ayni vaqtda aynan Xitoy terma jamoasining bosh murabbiyi — italiyalik Marchello Lippi eng ko‘p maosh oluvchi murabbiy hisoblanadi. 2016-yilning oktabr oyidan buyon Xitoy termasi bilan ishlayotgan mutaxassisning yillik maoshi 20,1 million yevroni tashkil qiladi.
Marchello Lippi qo‘li ostida Xitoy termasi JCh–2018 so‘nggi saralash bosqichi doirasida ikkita o‘yin o‘tkazdi. Dastlab jamoa o‘z maydonida Janubiy Koreyani 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Keyin safarda Eronga 0:1 hisobida yengildi.
JCh–2018 turniriga saralash bosqichi “A” guruhi 7-turidan keyin Eron terma jamoasi 17 ochko bilan peshqadam bo‘lib turibdi. Janubiy Koreya ikkinchi (13 ochko), O‘zbekiston uchinchi (12 ochko) o‘rinda bormoqda. Suriya 8 ochko bilan to‘rtinchi o‘rindan joy olgan bo‘lsa, Xitoy 5 ochko bilan oltinchi pog‘onada. Hisobida 4 ochko bo‘lgan Qatar esa JCh–2018 ga yo‘llanma olish imkoniyatini yo‘qqa chiqarib bo‘lgan.
Xitoy futbol federatsiyasi Yoaxim Lyov terma jamoani og‘ir vaziyatdan olib chiqishiga ishonmoqda. Osiyo mintaqasidan JCh–2018 ning final bosqichiga “A” va “B” guruhlarida 10 tur natijasiga ko‘ra 1–2 o‘rinlarni egallagan terma jamoalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqadi. Har ikki guruhda 3-pog‘onani egallagan jamoa o‘tish o‘yinida ishtirok etadi. G‘olib jamoa KONKAKAF — Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi mamlakatlari konfederatsiyasi saralashida to‘rtinchi o‘rinni egallagan terma jamoa bilan JCh–2018 yo‘llanmasi uchun kurashadi.
Ma’lumot uchun, Yoaxim Lyov Germaniyada o‘tkazilgan JCh–2006 turniridan keyin Germaniya terma jamoasini o‘z boshqaruviga olgan. 57 yoshli mutaxassis qo‘li ostida 145 ta uchrashuv o‘tkazgan Germaniya 97 o‘yinda zafar quchgan.
Germaniya terma jamoasi Yoaxim Lyov boshqaruvida 2010-yilgi jahon chempionatida 3-o‘rinni egallagan, JCh–2014 da esa chempion bo‘lgan. Shuningdek, Germaniya termasi bu vaqt ichida 2008-yilgi Yevropa chempionatida kumush medal sovrindori, Yevro–2012 va Yevro–2016 da uchinchi o‘rin sohibi bo‘lgan.
Izoh (0)