Yirik davlat arbobi Sharof Rashidovning shaxsiy shifokori sifatida ishlagan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan shifokor va fan arbobi Subhonqul Oripov uning qanday kasallikka uchragani haqida so‘zlab berdi. “Pravda vostoka” gazetasi shifokor tomonidan so‘zlab berilgan, 1970—1980-yillarda Sharof Rashidovning sog‘lig‘i bilan bog‘liq bo‘lgan voqealar aks etgan maqolani e’lon qildi.
Shifokorning hikoya qilishicha, u Sharof Rashidov bilan 1971-yil 22-fevralda ikkinchi marta uchrashgan. Uchrashuv Subhonqul Oripovning Samarqand viloyati ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimiga tayinlanishidan oldingi suhbat edi. Suhbat chog‘ida Sharof Rashidov shifokordan respublika sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari lavozimiga kelishni so‘ragan.
Subhonqul Oripov viloyat rahbariyatiga bergan va’dasi va oilaviy holati sababli ayni vaqtda taklifni qabul qila omasligini aytgan.
Bir yildan so‘ng Subhonqul Oripov Toshkentga kelganda, uni Sharof Rashidov o‘z qabuliga chaqirib, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari etib tayinlanishini aytgan.
Subhonqul Oripov sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari etib tayinlanganidan keyin, 1973-yilning 30-oktabrida Vazirlar Kengashining dala hovlisida respublikaning barcha rahbarlari ishtirokida nikoh to‘yi bo‘lib o‘tgan. Sharof Rashidov shamollaganligi sababli bu kechada ishtirok etmagan. Kecha avjiga chiqqan vaqtda Oripovni Rashidovning uy shifokori Valentina Raspopova chaqirib kelib, Rashidovning yurak sohasida og‘riq paydo bo‘lganini aytgan.
Oripov respublika rahbarining uyiga zudlik bilan yetib kelib, tekshiruv o‘tkazgan. Shifokor tekshiruvlar natijasida Rashidovda shamollash emas, miokard infarkti borligini aniqlagan. Ertasi kuni yetakchi shifokorlar Vosit Vohidov va Rafail Katsenovich taklif qilingan va ular Oripovning tashhisini tasdiqlagan.
5-noyabrda Moskva kardiologiya instituti direktori Igor Shxvatsabaya Toshkentga kelgan. U barcha tahlillarni o‘rganib chiqib, Rashidov bir muddat uydan chiqmasdan davolanishi kerakligini aytgan.
Ikki kundan so‘ng aholiga Sharof Rashidovning shamollagani va bir necha kundan so‘ng oyoqqa turib, ishga qaytishi ma’lum qilingan.
Bir necha kundan so‘ng esa Subhonqul Oripovning oldiga Farg‘ona vodiysidagi oqsoqollardan ikki kishi kelib, vodiyda Rashidovning jiddiy kasal ekanligi va shifokorlar buni sir tutayotgani haqida gap tarqalayotganini aytgan.
O‘shanda kasallikning 15-sutkasi bo‘lgan, respublika rahbari bemalol o‘tira olar edi. Oripov oqsoqollarga Sharof Rashidovning biroz shamollaganligini, qattiq kasal bo‘lmasligi uchun unga bir necha kun uydan chiqish taqiqlanganini aytgan. Oripov ularni rahbarning uyiga olib borgan.
Sharof Rashidov xonadonida mehmonlar yaxshi kutib olingan va izzat-ikrom bilan kuzatilgan. Shundan so‘ng, xalqda Rashidovning sog‘lig‘i haqida turli gaplar ko‘paygan. Shuning uchun rahbarni televizorda ko‘rsatishga qaror qilingan. 1973-yilning noyabr oyida u o‘z uyidan televizorda chiqish qilgan, hech kim uning o‘z uyidan chiqish qilayotganini sezmagan. Shu tariqa hamma tinchlangan. Shundan so‘ng respublika rahbari qisqa vaqt ichida tuzalib ketgan.
1983-yilga kelib Subhonqul Oripov Samarqand tibbiyot instituti rektori lavozimida ishlayotgan edi. Shu yilning 23-oktabrida Sharof Rashidov Samarqand viloyatining Jomboy tumaniga kelgan va Oripovni o‘sha yerga chaqirgan. Shifokorning aytishicha, ular ko‘rishganda Rashidov horg‘in ko‘rinishda edi. Ular uzoq vaqt sahbatlashgan. Rashidov undan Toshkentga qaytishni so‘ragan.
Sharof Rashidov suhbatni 5-noyabrda Toshkentda davom ettirishni taklif qilgan va shunga kelishilgan. Rashidov Toshkentga qaytgan. Sakkiz kundan so‘ng, 1983-yilning 31-oktabrida Oripov Qo‘qonga onasini ko‘rgani borganda, unga Sharof Rashidovning vafot etgani haqida shoshilinch xabar kelgan.