Mavzuga doir: O‘zbekiston OTMlari 2017-yildan boshlab kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha talaba qabul qiladi
Qarorga muvofiq, 2017/2018 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul bo‘yicha umumiy kvota bakalavrlar uchun 66 316 nafar (o‘tgan yili 57 907 nafar edi), shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 18 194 ta va to‘lov-kontrakt asosida 48 122 ta, magistrlar uchun 5000 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 1556 ta va to‘lov-kontrakt asosida 3444 ta etib belgilandi.
Shuningdek, hujjatda maxsus sirtqi bo‘lim negizida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda bilim olishni ta’minlash maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus sirtqi bo‘limida 100 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 15 ta va to‘lov-kontrakt asosida 85 ta, Navoiy davlat konchilik institutida to‘lov-kontrakt asosida 90 nafar va Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida to‘lov-kontrakt asosida 80 nafar bakalavrni tayyorlash nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, ushbu qaror bilan 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari buyurtmalariga binoan yuqori malakali tibbiyot kadrlariga ehtiyoj katta bo‘lgan hududlar uchun O‘zbekiston tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga davlat grantlari asosida bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashning maqsadli qabul kvotalari tasdiqlandi.
Qarorda kadrlarni maqsadli tayyorlashning asosiy buyurtmachilari hisoblangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, vazirlik va idoralarga oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining ular o‘qib egallagan kasbiga va tuzgan shartnomalariga muvofiq ish bilan bandligini ta’minlash, jumladan, respublikaning olis va borish qiyin bo‘lgan hududlariga ishga yo‘llanma olgan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun munosib mehnat va ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlar yaratish yuzasidan javobgarlik yuklangan.