AQSh Transport xavfsizligi milliy boshqarmasi 4-may, payshanba kuni avtomobillarda yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar orasida mamlakatda olib qochilgan yuk mashinalari yordamida hujum amalga oshirilish ehtimoli mavjudligi haqidagi ogohlantirishni tarqatdi. Bu haqda CBS telekanali xabar bermoqda, deb yozadi “TASS”.
Ogohlantirishda hujum qilishning yuqoridagi usuli nisbatan jo‘n ekanligi ta’kidlanadi. Unda, shuningdek, 2014-yildan buyon terrorchilar yuk mashinalari yordamida kamida 17 ta hujumni amalga oshirganligi va oqibatda 173 kishi halok bo‘lganligi, 667 kishi jarohatlanganligi haqidagi statistika keltirib o‘tiladi. Boshqarma o‘tgan yili Nitssada sodir bo‘lgan teraktda 84 kishi halok bo‘lganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Mamlakatning yirik politsiya boshqarmalari, jumladan, Nyu-York boshqarmasi tegishli tahdid haqida xabardor etilganligi ta’kidlanadi. Tarqatilgan hujjatda haydovchilar, yo‘lovchilar va huquq-tartibot organlari vakillari uchun ehtiyot choralari ro‘yxati keltiriladi.