Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi internetga tezkor kirishni ta’minlaydigan sun’iy yo‘ldoshlarni orbitaga chiqarish borasidagi rejalariga aniqlik kiritdi. Bu haqda “Kommersant.ru” xabar bermoqda.
O‘tgan yil noyabrida SpaceX AQSh federal aloqa komissiyasiga bergan hisobotida orbitaga 4425 sun’iy yo‘ldosh chiqarish niyatidaligini bildirgan edi, ammo ushbu loyiha qachon amalga oshirilishi hujjatda aks ettirilmagan edi.
3-may kuni savdo, fan va texnologiyalar bo‘yicha Senat qo‘mitasida chiqish qilgan SpaceX vitse-prezidenti Patritsiya Kuper shu yilning o‘zida kompaniya bunday sun’iy yo‘ldoshlar sinovini o‘tkazishini, yil oxiri hamda keyingi yil boshida ilk prototiplar uchirilishini bildirdi. 2019-yilda ushbu loyiha doirasida sun’iy yo‘ldoshlar birinchi marta Yer orbitasiga olib chiqiladi.
Sun’iy yo‘ldoshlarning butun guruhi, rejaga muvofiq, 2024-yilga qadar orbitaga olib chiqiladi. Ular 1110–1325 kilometr balandlikdagi 83 orbital tekislikda harakatlanadi.
Kelajakda ushbu sun’iy yo‘ldoshlar internet tezligini Yerning barcha hududlarida keskin oshirishi hamda orbitadan internet uzatishi kutilmoqda.
Izoh (0)