Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan qator chora-tadbirlar davomida “Toshkent-tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida Xitoydan xususiy tadbirkor A.Mirzabdullayev nomiga keltirilgan kanselyariya mahsulotlarini bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan 39 turdagi salkam 850 ming dona turli xil kanselyariya tovarlari borligi aniqlandi.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi axborot xizmatining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, qiymati 300 million so‘mdan ortiq bo‘lgan mazkur kanselyariya tovarlari daliliy ashyo sifatida vaqtincha olib qo‘yildi.
Shuningdek, mazkur bo‘lim xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda Olmazor tumanida olib borilgan tezkor tadbir natijasida fuqaro A.Nabiyevning xonadoni amaldagi tartiblarga muvofiq ko‘zdan kechirilganida xorijda ishlab chiqarilgan salkam 70 ming dona har xil turdagi qiymati 320 million so‘mlik telefon aksessuarlarini hech qanday hujjatlarsiz saqlanayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Ta’kidlash joiz, 2017-yilning birinchi choragi davomida O‘zbekiston bojxona xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda 3200 dan ortiq bojxona qoidabuzarliklari aniqlanib, qiymati 16,5 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan tovar-moddiy boyliklar daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi. Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)