24-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan “Harakatlar strategiyasini amalga oshirish: ‘elektron parlament’ tizimini joriy qilish va rivojlantirish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Bu haqda Qonunchilik palatasi rasmiy saytida axborot berildi.
Davra suhbatidan ko‘zlangan asosiy maqsad mutaxassis va ekspertlar ishtirokida parlamentarizmni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish hisobiga vakillik organlari faoliyatining shaffofligi va samaradorligini yanada oshirish yo‘llarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida milliy parlament axborot tizimlarining joriy holati, parlament faoliyatining qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil va boshqa shakllarini amalga oshirish jarayonlarida zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish amaliyoti to‘g‘risida axborotlar berildi. Parlament palatalari rasmiy veb-saytlarining texnik va xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilinib, saylovchilar bilan samarali muloqot o‘rnatish maqsadida ularni modernizatsiya qilish chora-tadbirlari belgilab olindi.
Davra suhbati ishtirokchilari xalqaro tajriba tahlillari asosida, “Elektron parlament” kompleks dasturi loyihasining muhim yo‘nalishlari bo‘yicha, jumladan vakillik xokimiyati organlari korporativ ma’lumotlar uzatish tarmog‘ini, foydalanilayotgan elektron hujjat aylanishi tizimini takomillashtirish hamda parlament ma’lumotlar bazalarini, elektron kutubxonalarini va boshqa axborot resurslarini shakllantirish yuzasidan bir qator takliflar bildirdi.
Tashkil etilgan ishchi guruhi tomonidan kelib tushayotgan ekspertlik takliflarini inobatga olgan holda “Elektron parlament” kompleks dasturi loyihasining yakuniy tahririni tayyorlash maqsadida ishlar davom ettiriladi.
Izoh (0)