“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK AmeriCares Xalqaro tashkilotining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bepul gumanitar dasturlarni amalga oshirgani uchun AmeriCares Xalqaro tashkilotining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi. Bu haqda “Daryo”ga milliy aviakompaniyaning axborot xizmati ma’lum qildi.

Foto: “O‘zbekiston havo yo‘llari” axborot xizmati

Foto: “O‘zbekiston havo yo‘llari” axborot xizmati

Aviakompaniya rahbariyati, xodimlari va AmeriCares Xalqaro tashkilotining xalqaro hamkorlik va dasturlar bo‘yicha vitse-prezidenti R.Grenjer, Global hamkorlik bo‘limining Yevroosiyo dasturlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari D.Popov, “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasining boshqaruv raisi o‘rinbosari E.Briggs ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda gumanitar dasturlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Gumanitar yordamlarni tashkil qilish va yetkazib berish bo‘yicha masalalarni muhokama qilish bilan bir qatorda AmeriCares vakillari milliy aviakompaniyaga gumanitar dasturlarni amalga oshirish va “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasiga yo‘naltirilgan gumanitar yuklarni bepul tashishdagi ko‘magi uchun minnatdorchilik bildirdi. Tashiladigan gumanitar yuklar O‘zbekistonning shahar va viloyatlaridagi davolash-profilaktika muassasalariga tarqatilishi ta’kidlandi.

AmeriCares Xalqaro tashkiloti notijorat xalqaro insonparvarlik tashkiloti bo‘lib, sog‘liqni saqlash va favqulodda vaziyatlarda yordam ko‘rsatish sohalarida uzoq muddatli dasturlarni amalga oshiradi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK tashkilot bilan 2009-yildan beri muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelmoqda.

“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing