Madridning “Real” klubi Yevropa Chempionlar ligasining yarim finalida ketma-ket yettinchi bor to‘p suradi va bu hozircha eng yaxshi natijadir.
Zinedin Zidan boshchilik qilayotgan klub ketma-ket yettinchi muvaffaqiyat yo‘lida Germaniyaning “Bavariya” klubiga chiqish eshiklarini ko‘rsatib qo‘ydi. Myunxenda 2:1 hisobida g‘olib chiqqan “Qirollik klubi”, o‘z maydonida 4:2 hisobida zafar quchdi.
Bunga qadar rekordni birinchi bo‘lib “Barselona” o‘rnatgan bo‘lib, kataloniyaliklar 2008—2013-yillar oralig‘ida ketma-ket olti bor yarim finalga qadar yetib kelgandi. O‘tgan mavsum esa Zidan boshqaruvidagi “Real” o‘sha rekordni takrorlab, yakunda chempion bo‘lgandi. Endi esa rekord to‘liq yangilandi.
Ma’lumot uchun, Chempionlar ligasida hali hech bir jamoaga ketma-ket ikki bor zafar quchish nasib qilmagan. Bu borada “Real”ning imkoniyatlari saqlanib turibdi. Madrid super klubi musobaqaning amaldagi g‘olibi hisoblanadi.