Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari viloyatdagi oliygohlardan birida tahsil olayotgan qo‘shni davlat fuqarosi X.Gulboyev o‘ziga tegishli xalqaro to‘lov kartasidan o‘qish harajatlari uchun 2200 AQSh dollarini vakolatli banklardan biri orqali naqdlashtirib, valyutani belgilangan maqsadlarga sarflash o‘rniga, noqonuniy ravishda O‘zbekistondan olib chiqishga urindi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Gulboyev oyoq kiyimlarining ichki qismiga 2200 AQSh dollarini xufiyona tarzda joylashtirib, qo‘shni davlatga o‘tmoqchi bo‘lgan paytda bojxonachilar tomonidan fosh etildi. Qo‘shni davlat fuqarosi S.Jumamuradova ham xuddi shu usulni qo‘llashga urindi. U ham o‘ziga tegishli xalqaro to‘lov kartasidan 500 AQSh dollarini vakolatli bankdan naqdlashtirib, etigiga yashirgancha olib chiqayotgan paytda to‘xtatib qolindi.
Yakunda mazkur qonunbuzarlik holatlari yuzasidan jinoyat ishlar bo‘yicha Nishon tumani sudining tegishli qarorlariga asosan X.Gulboyev hamda S.Jumamuradovaga nisbatan jazo choralari qo‘llanilib, ashyoviy dalil sifatida olingan 2700 AQSh dollari davlat egaligiga o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga naqd erkin almashtiriladigan valyutani olib chiqib ketishga yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etish sharti bilan O‘zbekiston Respublikasi rezidentlariga 2000 AQSh dollariga teng miqdordagi summa doirasida, norezidentlariga esa yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasiga muvofiq olib kirilgan valyuta doirasida ruxsat etiladi.
Ko‘rsatilgan summadan ortiq naqd valyutani olib chiqib ketishga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki yoki xorijiy valyutada operatsiyalarni amalga oshirish uchun bosh litsenziyaga ega bo‘lgan vakolatli banklarning ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi. Bunga amal qilmaganlar esa qonun oldida javob berishga to‘g‘ri keladi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)