O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi boshlig‘i Xo‘jamurat Qaypnazarov “Qoraqalpog‘iston tongi” nashri bilan suhbatda yangidan ishga tushadigan zavod va korxonalar haqida aytib o‘tdi, deb yozadi “KRuz.uz”.
Qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatida joriy yilda umumiy qiymati 247 milliard so‘mlik 105 loyihaning amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Qorao‘zak tumanida bu yil ikkita sement zavodi ishga tushiriladi. Xususan, yiliga 200 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega “Titan sement” korxonasi yaqin kunlarda foydalanishga topshiriladi. Qiymati 64 milliard so‘mni tashkil etgan mazkur loyihaga ko‘ra yangidan 200 ish o‘rni yaratiladi. “Qoraqalpoq sement” korxonasida ham yiliga 200 ming tonna qurilish ashyosi ishlab chiqariladi. Loyiha qiymati 37 milliard so‘m bo‘lgan korxonada 120 kishi ish bilan band bo‘ladi.
Beruniy tumanidagi “Shabboz Obod Sement” korxonasida yiliga 250 ming tonna sement mahsulotlari ishlab chiqarish tashkil qilinadi. 105 milliard so‘mlik loyiha amalga oshirilgach, 200 yangi ish o‘rni barpo etiladi.
Shuningdek, dasturda 22 ta pishiq g‘isht, 13 ta shag‘al tosh, 14 ta temir beton mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish belgilangan.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!